“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2024” tanlovining Toshkent viloyat bosqichi yakunlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yuqori malakali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodist-tarbiyachi va tarbiyachilarini aniqlash, rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 35 nafar ishtirokchi o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi.

Ishtirokchilar test topshiriqlari, videorolik tayyorlash, seminar, ochiq mashg‘ulot taqdimoti shartlarida qatnashdi. Hakamlar hay’ati ularni belgilangan talablar asosida baholab bordi. Yakuniy natijaga ko‘ra, Parkent tumanidan Lola To‘layeva “Yilning eng fidokor tarbiyachisi” deya e’tirof etildi.

Shuningdek, Qibray tumani, Olmaliq, Yangiyo‘l va Bekobod shaharlaridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 6 nafar tarbiyachisi turli nominatsiyalarda g‘olib bo‘lib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash lozimki, ayni kunlarda barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari faol ish olib bormoqda va bu jarayonda tarbiyachilarning o‘rni katta, albatta.
A.Musayev,O‘zA.