French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi
15:01 / 2026-02-01

Andijon viloyati Baliqchi tumani markaziy axborot resurs markazida “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, mahalla yoshlari o‘rtasida ushbu an’anani keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning tuman bosqichida quyi bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh kitobxonlar ishtirok etdi.

Tanlovda 10-14 yosh, 15-19 yosh hamda 20-30 yosh toifalarida 36 nafar yosh kitobxon “Tezkor savol-javob”, “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari asosida o‘z bilim, iqtidor va salohiyatini namoyon etdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasida Siza mahallasi vakili Mubina Adhamova, 15-19 yosh toifasida Jasorat mahallasi vakili Mubina Jo‘rayeva, 20-30 yosh toifasida esa Kattaariq mahallasi vakili Mavludaxon Hasanova eng yuqori ball to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘z yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 

– Ushbu yutug‘im meni yanada ruhlantiradi, qolaversa, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri Mavludaxon Hasanova. – Endi tanlovning viloyat bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.

Tanlovning barcha yosh toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Yosh kitobxon” tanlovi yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. 

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari