Andijon shahrida “Yosh qutqaruvchi – 2025” respublika musobaqasining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda qator tashkilotlar hamkorligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni qutqaruvchi kasbiga qiziqtirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligiga oid bilim va malakalarini boyitish, favqulodda vaziyatlar yuz berganda to‘g‘ri harakatlanishga o‘rgatish maqsadida umumta’lim va professional ta’lim maktablari o‘quvchilari ko‘ngilli klublari o‘rtasida tanlov o‘tkazildi. Unda sektor bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 8 ta umumta’lim hamda professional ta’lim tizimi muassasalari jamoasi ishtirok etdi.

Tanlov doirasida ishtirokchi jamoalar tomonidan o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasalarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganida harakatlanish, yong‘inlarning oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlariga oid fotosuratlar, albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Jamoalar beshta – favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasiga oid savol-javob, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, maxsus arqon va asbob-anjomlar yordamida daryoni kesib o‘tish, palatka tiklash, balandlikka ko‘tarilish va estafeta yugurish shartlari asosida o‘zlarining bilim, mahorat hamda tezkorliklarini namoyish etdi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, professional ta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida Andijon shahar 1- son harbiy litseyi, umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida Andijon shahar 3-umumta’lim maktabi jamoalari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning viloyat bosqichiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.


G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.