Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘oliblar va sovrindorlar taqdirlanishdi
10:57 / 2025-11-21

Guliston shahrida 17–20 noyabr kunlari “Besh tashabbus” olimpiadasining ommaviy sport turlari bo‘yicha respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bosqichda respublika miqyosidagi saralashda g‘oliblikka erishgan va finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan qariyb 700 nafar talaba ishtirok etdi. Bellashuvlar Guliston davlat universiteti hamda shaharning zamonaviy sport inshootlarida bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa dasturiga mini-futbol, yengil atletika, stol tennisi va stritbol kabi sport turlari kirdi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, mahorat va o‘yin taktikasi bo‘yicha mahoratlari sinovdan o‘tdi. Bellashuvlar yuqori raqobat va sog‘lom muhitda olib borildi.

20 noyabr kuni Guliston davlat universiteti sport maydonida musobaqa g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vazirining o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari, Guliston davlat universiteti va Guliston davlat pedagogika instituti rektorlari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.

Marosimda vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov olimpiadaning respublika final bosqichi Sirdaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tganini, shuningdek, musobaqa yoshlar o‘rtasida sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, talaba-yoshlarning shijoati va faol ishtirokini yuqori baholadi.

Natijalarga ko‘ra, yengil atletika yo‘nalishida Shahrisabz davlat pedagogika  institut ijamoasi  birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa,  Urganch davlat universiteti jamoasi ikkinchi, Namangan davlat universiteti jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Stol tennisi bo‘yicha qizlar o‘rtasida Andijon davlat universiteti jamoasi birinchi, Farg‘ona davlat universiteti jamoasi  ikkinchi va O‘zbekiston milliy universiteti jamoasi  esa  uchinchi o‘rinni egalladi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi stol tennisi bahslarida Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi birinchi, Andijon davlat universiteti jamosi ikkinchi, Urganch davlat universiteti jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Stritbol turida qizlar o‘rtasida Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoaasi  birinchi, Qashqadaryo Xalqaro innovatsion universiteti jamoasi ikkinchi, Navoiy davlat universiteti jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. O‘smirlar o‘rtasidagi stritbol bahslarida mezbon jamoa — Guliston davlat universiteti talaba-yoshlari birinchi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ikkinchi,  Buxoro davlat universiteti talabalari uchinchi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

Mini-futbol musobaqasida Guliston davlat universiteti talaba-yoshlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Termiz davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti jamoalari sovrindorlar qatoridan joy olishdi.

Tantanali marosimda g‘olib va sovrindor jamoalarga diplomlar, musobaqa kuboklari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri