Buxoroda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Viloyatdagi 516 ta mahallaning saralash bosqichidan o‘tib, shahar-tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng munosib nomzodlar Respublika bosqichiga yo‘llanma uchun bellashdi.
Tanlov oddiy bellashuv emas, balki haqiqiy mahorat va o‘zaro tajriba maydoniga aylandi. Bahs-munozaralar, fikrlar to‘qnashuvi, hayajon barchasi hakamlar hay’ati uchun ijobiy ma’noda qiyin vaziyat yaratdi. Chunki har bir ishtirokchi o‘z taqdimotini puxta tayyorgarlik bilan, o‘ziga xos uslubda namoyish etdi.


Mahallalardagi obod xonadonlar, ko‘kalamzorlashtirilgan ko‘chalar, aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jipslik, mahalla raislarining amaliy ishlari barchasi maxsus foto va video materiallar orqali taqdim etildi.
Tanlovning yakuniy pallasi esa yanada hayajonli kechdi. Chunki tanlangan nomzodlar endi Respublika bosqichida Buxoro sharafini himoya qiladi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Obod xonadon” nominatsiyasida 1-o‘rin Kogon tumani, “O‘ba cho‘li” mahallasida istiqomat qiluvchi Shuhrat Shukurov xonadoniga nasib etdi. “Obod ko‘cha” nominatsiyasida Qorovulbozor tumani, “Imom Buxoriy” mahalla fuqarolar yig‘ini, Bahouddin Naqshband ko‘chasi viloyatdagi eng obod ko‘cha deb topildi. “Obod mahalla” nominatsiyasi bo‘yicha Kogon tumani, O‘zbekiston mahallasi g‘oliblar qatoridan joy oldi.

Shu bilan birga, tanlovda 2-3-o‘rinni qo‘lga kiritgan nomzodlar va faol ishtirokchilar ham qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.