Guliston shahrida o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi uch kundan beri qizg‘in bahslar ostida davom etmoqda.
Musobaqada mamlakat bo‘ylab saralangan 700 nafarga yaqin iqtidorli talaba-sportchilar ishtirok etmoqda. Ular mini-futbol, voleybol, yengil atletika, stol tennisi va stritbol turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.


Guliston davlat universitetida oliy ta’lim muassasalarining jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan yengil atletika bahslari yakunlandi. Xususan, 4x100 metr aralash estafetada g‘oliblar ma’lum bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Xorazm viloyati jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Namangan viloyati jamoasiga nasib qildi.


Shu vaqtda sportning qolgan turlari – stritbol (yigitlar va qizlar), voleybol (yigitlar va qizlar), stol tennisi (yigitlar va qizlar) hamda mini-futbol bo‘yicha guruh bosqichi bellashuvlari ham qizg‘in davom etmoqda.

Tadbir tashkilotchilari yoshlarning sportga qiziqishi va salohiyatini namoyon etish, oliy ta’lim muassasalari jamoalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va jismoniy tarbiyani rivojlantirish maqsadida olimpiadani muntazam o‘tkazish ahamiyatli ekanligini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri