Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi shaxmat musobaqasining sektor bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iste’dod va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish hamda ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tadbirlar, sport musobaqalari yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Xususan, shaxmat musobaqalarida ko‘plab yosh iqtidor egalari o‘z salohiyatlarini namoyish etmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi” shaxmat musobaqasining belgilangan yosh toifalarida, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi sektor hamda mahalla bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 3,5 ming nafardan ziyod yosh shaxmatchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Shaxmat musobaqasining Marhamat tumanida o‘tkazilgan sektor bosqichi o‘yinlari qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Ularda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh shaxmatchilar musobaqaning navbatdagi – tuman bosqichiga yo‘llanma oldi.
[gallery-22648]
Musobaqa sektor bosqichi g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari