Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” shaxmat musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 44 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi.
Bellashuvlar Xalqaro shaxmat federatsiyasining amaldagi qoidalari asosida rapid yo‘nalishida ayollar va erkaklar o‘rtasida o‘tkazildi. 7 turda shveysarcha tizimda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ishtirokchilarga o‘yin oxiriga qadar 10 daqiqa vaqt berildi va birinchi yurishdan boshlab har yurishga 2 soniyadan vaqt qo‘shib borildi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida “Navoiyazot” AJ xodimi Abbos Axtamov birinchi, Uchquduq tuman IIB kadrlar guruhi inspektori Baxtiyor Sultonov ikkinchi, “Qizilqumsement” AJ xodimi Ruslan Djabbarov uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayollar bahsida esa Navoiy viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi kichik tibbiy xodimi Feruza Sattorova g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Navbahor tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Olima Karimova ikkinchi va qiziltepalik Dilbar Salimova esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-22842]
Ayollar va erkaklar o‘rtasida 1- va 2-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar 2025 yil 28-30 aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov, O‘zA muxbirlari