Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan Andijonda “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlari doirasidagi stol tennisi musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy va ma’naviy sog‘lom rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalashga qaratilgan tashabbuslari doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlari doirasidagi musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda.
[gallery-24834]
Andijon shahar 2-son sport maktabida mazkur musobaqalar doirasida qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan stol tennisi o‘yinining viloyat bosqichida musobaqaning mintaqaviy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan iqtidorli yosh sportchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Keskin va qiziqarli o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Andijon shahar jamoasi vakili Zubair Ne’matov 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Jalaquduq tumani vakili Murodullo Mirzakarimov hamda Izboskan tumani vakili Sarvar G‘anijonov egalladi.
Qizlar o‘rtasida esa 1- o‘ringa Paxtaobod tumani vakili Mohigul Ahmadjonova sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Marhamat tumani vakilasi Shukrona A’zamjonovaga, uchinchi o‘rin esa ulug‘norlik Fazilatoy Isaqjonovaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari