Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yoshlar va qonun” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jamiyatda yoshlarning huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirib borish, qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarga nisbatan huquqiy immunitetini shakllantirish, qonun buzilishi holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish maqsadida 14-18 hamda 18-30 yosh toifalarida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.
Ishtirokchi jamoalar “Huquqiy penalti”, “Sardorlar bellashuvi”, “Konstitutsiya bilimdonlari”, “Mening qonunchilik tashabbusim” singari belgilangan to‘rtta shart asosida o‘zlarining huquqiy bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Jamoalarning chiqishlari sud, adliya, ichki ishlar, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar viloyat boshqarmalari hamda boshqa qator tashkilotlar mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
[gallery-24629]
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 14-18 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida Qo‘rg‘ontepa tumanining “Adolat”, 18-30 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida esa Izboskan tumanining “Yosh siyosatchi” jamoalari 1- o‘rinni egalladi. Ular tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari