Buyuk davlat arbobi, shoir va qomusiy olim, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan fevral oyi Andijon viloyatida Bobur oyligi deb e’lon qilingan. Oylik doirasida mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida Bobur hayoti va ijodiy merosini targ‘ib etishga qaratilgan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy, sport musobaqalari va boshqa turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
– Sport musobaqalarini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur merosini ulug‘lash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdir. Qolaversa, sport tadbirlari orqali yoshlar qalbida ulug‘ ajdodlarimiz, tariximizga hurmat, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash ko‘zda tutilgan, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov.
Andijon shahar 2-son sport maktabida o‘tkazilgan stol tennisi va shashka musobaqalarining tuman, shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Andijon davlat chet tillari instituti sport zalida esa, o‘quvchilar o‘rtasida basketbolning 3x3 turi bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda viloyatning barcha tuman va shaharlari jamoalari ishtirok etib, mahorat hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi.
[gallery-27681]
Andijon davlat texnika instituti mini futbol maydonlarida umumta’lim maktablari o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida mini futbol musobaqalar bo‘lib o‘tdi. O‘yinlar murosasiz bahslar, qiziqarli va yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tdi. Voleybol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar Andijon davlat tibbiyot instituti, qizlar o‘rtasidagi musobaqalar esa institut qoshidagi akademik litsey sport zalida tashkil etildi.
Qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yengil atletika musobaqalari Andijon shahridagi Xalqlar do‘stligi stadionida o‘tkazildi. Musobaqalarda maktablarda tahsil olayotgan viloyatning eng kuchli yengil atletikachilari qatnashib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Andijon shahridagi universal sport majmuasida yosh avlod o‘rtasida iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida 11 – 13 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida shaxmat musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari munosib rag‘batlantirildi, tashkilotchilar tomonidan, diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.