Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun mahalla jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol musobaqasining viloyat bosqichi yakuniga yetdi.
Andijon shahridagi “Bobur arena” o‘yingohida o‘tkazilgan futbol musobaqasining final o‘yinida Andijon shahrining Gumbaz hamda Oltinko‘l tumanining Mirobod mahallalari jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.
Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda Mirobod jamoasi raqibini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa viloyat bosqichi g‘olibligini hamda respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur musobaqada Baliqchi tumani Guzar mahallasi jamoasi Marhamat tumani Bozorboshi mahallasi jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
[gallery-24491]
O‘yindan so‘ng musobaqa, shuningdek, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun o‘tkazilgan mini futbol musobaqalarining g‘olib hamda sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi.
Minglab futbol ishqibozlari, keng jamoatchilik vakillari, yurtimizning taniqli futbolchilari ishtirokida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov chiroyli va yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan musobaqalarning g‘olib hamda sovrindorlarini muborakbod etdi.
Qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasida Izboskan tumani jamoasi birinchi, Ulug‘nor tumani jamoasi ikkinchi, Qo‘rg‘ontepa tumani jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida mini futbol musobaqasida esa Oltinko‘l tumani jamoasi birinchi, Andijon va Asaka tumanlari jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Futbol, mini futbol bo‘yicha DXX kubogi viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi doirasida konsert dasturi namoyish etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari