Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 1-umumta’lim maktabida 84 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Ularning 26 nafari oliy, 23 nafari 1-, 20 nafari 2- malaka toifasiga ega.
– Garchand olis hududda bo‘lsak-da, jamoamizdagi har bir o‘qituvchi yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z iste’dodi va mahoratini namoyon etishga astoydil harakat qilyapti, –deydi maktab direktori Sarviya Kuldjanova – Buning natijasida o‘quvchilarimiz har yili turli tanlovlar, sport musobaqalari va fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etib kelishyapti.
O‘tgan o‘quv yilida maktabni tugatgan 36 nafar bitiruvchilarimizning 72.8 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Bu kabi yutuqlar va mamlakatimizda o‘qituvchi mehnatini qadrlanib, munosib rag‘bat topayotganligi pedagoglarimizni yanada ruhlantirib, o‘z ustida izlanishga, yuksak marralarni egallashga undamoqda. Yaqinda o‘qituvchilarimizning 7 nafari Vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.
Endilikda Vazir jamg‘armasidan ingliz tili fani o‘qituvchilari Shahodat Shapayeva va Maxfuza Rahmonova, biologiya fani o‘qituvchisi Navbahor Nizomova, rus tili fani o‘qituvchisi Abdurahim Fayzulloyev, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Dilnoza Rahmonova, tarix fani o‘qituvchilari Dildor Hamdamova hamda Sobir Boboyevlar maoshlariga qo‘shimcha ravishda yana 5 million so‘m miqdorida ustama oladi.
Zarif Komilov, O‘zA