Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘olib matematiklar taqdirlandi
12:06 / 2024-07-15

Poytaxtimizda maktab, litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika fanidan tashkil etilgan respublika olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu olimpiada davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. O‘quvchilarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishlari, intellektual salohiyati va mantiqiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularning har tomonlama rivojlanishlari uchun ko‘maklashish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish orqali motivatsiya berish maqsadida ikki bosqichda o‘tkazildi.   

Olimpiadaning birinchi onlayn bosqichida jami ishtirok etgan 5 ming nafar o‘quvchi mantiqiy matematikadan berilgan test savollari orqali saralanib, 875 nafar yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar ikkinchi bosqichda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.   

Olimpiadaning respublika bosqichida g‘oliblar aniqlanib, 900-1000 oralig‘ida ball to‘plaganlar TIFT universitetida o‘qish uchun 4 yillik grant va 10 million so‘m miqdorida rektor stipendiyasiga erishdi.   

800-900 oralig‘ida ball to‘plaganlar TIFT universitetida o‘qish uchun 2 yillik grant va 7 million so‘m miqdorida rektor stipendiyasi, 700-800 oralig‘ida ball to‘plagan g‘oliblar TIFT universitetida o‘qish uchun 1 yillik grant va 5 million so‘m miqdorida rektor stipendiyasini qo‘lga kiritdi.   

Shuningdek, 600-700 oralig‘ida ball to‘plagan ishtirokchilarga TIFT universitetida bir o‘quv yilining 50 foiziga grant va 2 million so‘m miqdorida rektor stipendiyasi, 600 ballgacha ball to‘plagan barcha ishtirokchilarga TIFT universitetiga imtihonsiz o‘qishga qabul qilish imkoniyati berilib, 2 million so‘m miqdorida ta’lim vaucherlari taqdim etildi.   

Bundan tashqari, olimpiadaning respublika bosqichida eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan 12 nafar ishtirokchi turli xil sovg‘alar bilan taqdirlandi.   

Ma’lumot uchun, mazkur olimpiada Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti, Yoshlar ishlari agentligi, Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadalar maktabi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.   

Gulnoza Boboyeva, O‘zA