Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi barcha ta’lim muassasalari o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi. Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 16 ta maktab jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ular viloyat bosqichida to‘rtta yo‘nalish, ya’ni o‘qish, tinglab tushunish, leksik grammatik bilimlar va yozish shartlari asosida bilim va mahoratini namoyish etdi.
– Umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda mazkur tanlov shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – Shu bois ham ilk bor o‘tkazilayotgan tanlovda viloyatdagi barcha maktablar jamoalari faol ishtirok etdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Oltinko‘l tumanidagi 28-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati jamoasi qo‘lga kiritib, tegishli diplom va 250 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rinni Buloqboshi tumani 43-IDUMI, uchinchi o‘rinni Baliqchi tumanidagi 38-DIMI jamoalari egalladi. Ushbu maktablar jamoalari ham diplom hamda 200, 150 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish, qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishda mazkur tanlov muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-6772]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA