Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida Navro‘z bayrami munosabati bilan mahallalardagi yoshlar o‘rtasida futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 18-30 yoshli uyushmagan aholi vakillaridan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi.
"Sulton" mahalla fuqarolar yig‘inidagi "Chempion" sport majmuasida 20 kun davom etgan musobaqaning final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda "Tepaqo‘rg‘on" mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi sultonlik tengdoshlaridan ustun kelib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etgan tuman hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bu kabi sport musobaqalari beshta muhim tashabbusni aholi hamda yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish va mahallalarda sportni ommalashtirishga qaratilganini ta’kidladi.
Tepaqo‘rg‘onlik yoshlar g‘olib jamoa sifatida bosh sovrin - tuya bilan taqdirlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA