Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘olib jamoa futbolchilariga o‘n million so‘mdan berildi
09:14 / 2022-08-15

Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Yelabad” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi xodimlaridan tashkil topgan futbol jamoasi yaqinda yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qo‘ng‘irot tumani hokimi B.Madaminov, Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Tog‘ayev, korxona bosh direktori J.Mustafoyev jamoaga musobaqaning mamlakatimiz bosqichida omad tiladi. Qo‘ng‘irot tumani hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan jamoa a’zolarining har biri va murabbiyiga 10 million so‘mlik sertifikat topshirildi.

Tadbir davomida konsert dasturi namoyish etildi.

Mehmonlar shuningdek, korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, yangi loyihalar, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Yelabad” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi turar-joy majmualarining qurilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Tadbir doirasida shaharcha aholisi va faollari bilan uchrashuv tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA