FOTOREPORTAJ
Surxondaryoda futbol, mini futbol va shaxmat bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarining viloyat bosqichi final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida joriy yilning aprel-may oylari davomida futbol, mini futbol va shaxmat bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalari tashkil etilib, unda vohadagi 721 ta mahallaning uyushmagan yoshlari qatnashdi.
Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqalarda barcha mahallalar, ko‘chalar, sektorlar, shahar va tumanlar miqyosida 18-30 yoshlilar o‘rtasida tashkil qilingan jamoalarning 200 ming nafardan ziyod a’zosi o‘zaro bellashdi.
[gallery-7604]
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat bo‘yicha boshqarmasi qoshidagi o‘yingohda musobaqalarning viloyat bosqichi final uchrashuvlari o‘tkazildi. Xususan, Termiz shahridagi “Alpomish” o‘yingohida o‘tkazilgan katta futbol musobaqasida Sariosiyo tumanidagi Anorzor hamda Qiziriq tumanidagi Do‘stlik mahallasi futbol jamoalari g‘oliblik uchun maydonga tushdi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan yakunlangan bo‘lsa, musobaqa nizomiga asosan belgilangan penaltilar bahsida sariosiyolik yosh futbolchilar 3:1 hisobida ustun keldi. Umumiy hisobda Anorzor mahallasi yosh futbolchilari 4:2 hisobida zafar quchib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat bo‘yicha boshqarmasi qoshidagi o‘yingohda bo‘lib o‘tgan mini futbol bahsining finalida Qiziriq tumanidagi Bog‘bonlar yurti hamda Qumqo‘rg‘on tumanidagi Sheroziy mahallalari yoshlari o‘zaro bellashdi. Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Penaltilar bo‘yicha to‘plarni qiziriqlik yoshlar raqib darvozasiga aniq yo‘lladi. Umumiy hisob 3:2, qiziriklik yoshlar foydasiga hal bo‘ldi va g‘olib jamoa musobaqaning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa doirasidan o‘rin olgan shaxmat bahslarida viloyatning Termiz shahri, Oltinsoy, Denov va Sho‘rchi tumanlaridan 10 nafardan ziyod iqtidorli yosh shaxmatchi ishtirok etdi. “Rapid” usulida 64 katakli taxta ustida o‘tkazilgan bahslarda termizlik Hasan Jo‘rayev mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar a’zolariga 12, 10, 8 million so‘mlik vaucherlar, diplom va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Ta’kidlash joiz, musobaqa shartlariga ko‘ra, bahslarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoa a’zolari yashaydigan mahallada sport kompleksi qurilib, yoshlarga hadya qilinadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA