Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ofurjon Mirzayev: " Ba’zi joylarda ko‘chatlar nomiga ekib qo‘yilgan"
14:14 / 2021-11-24

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 2 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, joylarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu barchani birdek tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, eng asosiysi, ona tabiatni asrashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.

Sirdaryo viloyatida ham mazkur tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Birgina Guliston tumanida joriy yil kuz mavsumida 618 ming tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 377 mingdan ortiq turli manzarali ko‘chatlar ekilgan.

Sirdaryo viloyati hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev tumandagi “Soyibobod” va “Mevazor” mahallalarida “Yashil O‘zbekistonim – bog‘-u bo‘stonim” shiori ostida o‘tkazilayotgan ko‘chat ekish tadbirida qatnashdi. Ko‘chat o‘tqazish davomida viloyat rahbari nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Ba’zi joylarda ko‘chatlar nomiga ekib qo‘yilgan, – dedi viloyat rahbari. – Niholni bu tarzda ekish yaramaydi. Qanday qilib shu holda ko‘chatlarni ko‘kartirish mumkin. Bunday ko‘zbo‘yamachiliklarga barham berishda siz va biz o‘rnak bo‘lishimiz lozim. Moratoriyga qaramasdan daraxtlarni kesib, ekishga kelganda tebranmaydigan mas’ullar hech kimga kerak emas.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nafaqat mahalla ko‘chalariga, balki, avtomobil yo‘li bo‘ylariga, ijtimoiy soha ob’ektlari va tashkilotlar hududlariga ham tartibli ravishda ko‘chat o‘tqazish, bunda, avvalo, ularni sug‘orish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Jamoatchilik nazorati hozirgi ijtimoiy taraqqiyotning muhim tendensiyasi. Boisi, jamoatchilik nazoratining samarasi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinyapti. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham doimiy va qat’iy jamoatchilik nazorati o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA