Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Goʻshtning narxi nega oshdi?”
12:24 / 2020-08-20

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Moliya vazirliklari tomonidan yangi oʻquv yili uchun toʻlov-shartnoma miqdori boʻyicha kunduzgi oʻqiydigan talabalarga 10 foiz chegirma berilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab boʻlmoqda.


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Moliya vazirliklari tomonidan yangi oʻquv yili uchun toʻlov-shartnoma miqdori boʻyicha kunduzgi oʻqiydigan talabalarga 10 foiz chegirma berilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab boʻlmoqda.

“Xalq soʻzi” gazetasida chop etilgan “Talaba shartnoma pulini toʻlolmasa, nima qilishi kerak?” sarlavhali material ayni shu mavzuga bagʻishlangan. Materialda keltirilishicha, pandemiya sharoitida taʼlimning masofaviy tashkil etilishi uning sifatiga ham salbiy taʼsir qilayotgani, talabalar ovqatga yoki doriga pul topishga qiynalayotgani, avvallari ishlab yoxud yollanma mehnat orqali oʻqishiga pul toʻlayotgan talabalarning koʻpchiligi hozir ishidan ham ayrilgani aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan bunday sharoitda, shartnoma toʻlovidan 10 foiz chegirma berilishi juda kam, deb baholanayotir va 30-40 foiz chegirma boʻlishi lozim, deya mulohaza bildirilmoqda. “Yuksalish” umummilliy harakatida Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda ayni shu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, nashr sahifalaridan “Raqobat yoʻq joyda monopoliya ildiz otaveradi”, “Karantin talablari yumshatilmoqda, ammo bu kasallik tugadi emas” sarlavhali materiallar ham joy olgan.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida ham yuqoridagi mavzuda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qoʻngʻirotboy Sharipovning “Muammolar haqida bong urish emas, ularni birgalikda bartaraf etish lozim” nomli maqola bosilgan. Unda yozilishicha, bugun “masofaviy taʼlim oʻqish xarajatlarni qisqartiradi, shu bois, kontrakt toʻlovlarini ham kamaytirish kerak”, degan fikrlar tez-tez qulogʻimizga chalinadi. Ayrim talabalar koʻrsatilayotgan taʼlim xizmati kontrakt toʻlovlariga mutanosib emas, deb hisoblamoqda. Kontrakt summalarining nimalarga sarflanayotganiga qiziqish bildirmoqda. Ayni sababdan muallif materialda oʻzi rahbarlik qilayotgan oliy taʼlim muassasasida kontrakt mablagʻlari qanday maqsadlarda va qancha miqdorda sarflanayotganini ochiqlagan...

“...Ravshanbek Ahmedov AQSHdagi Garvard universitetida tahsil olgan boʻlib, rus, ingliz va turk tillarida erkin muloqotga kirisha oladi, – deyiladi ”Qishloq hayoti“ gazetasida bosilgan ”Tomorqa behisob boylik manbai" sarlavhali maqolada. – Ravshanbek ayrimlarga oʻxshab xorijdagi mashhur kompaniyalarda qolishni orzu qilmadi.

Aksincha, otasiga munosib shogird boʻlishni istadi. Ota-bola “Oq suv” fermer xoʻjaligida faoliyat koʻrsatishar ekan, mamlakatimizda yuz berayotgan inqilobiy oʻzgarishlarga xos ravishda ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni tezlashtirish zarurligini his etishdi. Ravshanbek bir qancha loyihalarni olgʻa surdi va ularning har birini otasi hukmiga havola etishdan chekinmadi. Uning tomorqa egalari bilan hamkorlikda ishlash va buning uchun zarur boʻlgan infratuzilmani yaratish bilan bogʻliq loyihasi ota koʻrigidan aʼlo darajada oʻtdi..."

“Oila davrasida” gazetasida berilgan “Goʻshtning narxi nega oshdi?” sarlavhali materialda yozilishicha, kimdir eʼtibor berdi, kimdir bermadi shu kunlarda poytaxtda va ayrim viloyatlarda goʻshtning narxi sezilarli oshdi. Toshkentdagi bozorlarning goʻsht rastalarida oxirgi bir oy bilan solishtirganda, bir kilogramm mol goʻshti kamida 3-4 ming soʻmga, supermarketu boshqa oziq-ovqat doʻkonlarida esa besh ming soʻmgacha qimmatlaganini sezgan boʻlsangiz kerak. Xoʻsh, xalqimiz shundoq ham karantin qamalidan choʻntagi yupqarib chiqqan bir vaqtda goʻsht narxining oshishiga nima sabab boʻlmoqda? Mol qimmatladimi yoki molning ozuqasi narxi koʻtarildimi? Balki qassoblar narxni yuqorilatib olishayotgandir?.. Ana shu savollarga javob izlanar ekan, maqola “janob mutasaddilar, bugun goʻsht narxi oshayotgan ekan, mabodo yana oʻsha eskicha usul bilan muammoni hal etishga urinmang. Oʻzingizni ham, boshqalarni ham qiynamang” deb xulosalanadi...

"Yaqinda OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihasida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining kotibiyatlarini tuzish taklif etilmoqda. Mahalliy kengashlarni haligacha hokimlar boshqarayotgan boʻlsa, bu tuzilma amaliyotda qanchalik samara beradi? “XXI asr” gazetasida chop etilgan “Men nega qarshi ovoz berdim?” nomli maqolada shu haqda soʻz yuritiladi. “Yigʻilishda ushbu masalaga oid savol va takliflarimni qonun tashabbuskorlariga bersam, qoniqarli javob ololmadim, – deb yozadi material muallifi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudoyberdiyev. – Shu sababli bu qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi yigʻilishi kun tartibiga kiritilishiga qarshi ovoz berdim...”

***

Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.