Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Go‘daklar o‘limi keskin kamayishiga erishildi
17:58 / 2019-11-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizda onalar va bolalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholi reproduktiv salomatligini muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizda onalar va bolalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholi reproduktiv salomatligini muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova va boshqalar ona va bola salomatligini asrash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarning muhim yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.

Bugungi kunda aholiga bu yo‘nalishda birlamchi tibbiy-sanitariya, tibbiy-diagnostika va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim yaratilgan. Ayni paytda yurtimizda 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq va 178 ta shahar oilaviy poliklinikasida bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Tibbiy patronaj xizmati zamon talabidan kelib chiqib takomillashmoqda.

Ushbu birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida umumiy amaliyot shifokori bilan bir qatorda oldinlari mavjud bo‘lmagan pediatr, terapevt, ginekolog, stomatolog, UTT shifokori kabi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aholining malakali tibbiy yordamdan foydalanishida muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida “Ayollar maslahatxonasi”, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Perinatal skrining xonalari”, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida “Qizlar salomatlik markazi” faoliyat yuritayapti.

So‘nggi uch yil ichida mamlakatimizdagi barcha tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridagi perinatal skrining xonalari zamonaviy ultratovush tahlil apparati bilan jihozlandi. Natijada barcha homilador ayollarni skrining bilan qamrab olish imkoniyati yaratildi. Yurtimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi bo‘limlarda murakkab davolash amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Tug‘ma nogironlikning oldini olish, homilador ayollar va chaqaloqlarda nuqsonlarni barvaqt aniqlash maqsadida “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi. Bolalar 13 turdagi boshqariluvchi infeksiyalarga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olinmoqda.

Yurtimiz perinatal muassasalarining zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi, mutaxassislarimizning malakasini oshirish orqali eng kam vaznli go‘daklar, hatto besh yuz gramm vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tizimda amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida yurtimizda ayollar salomatligini mustahkamlashga, onalar va bolalar o‘limini keskin kamaytirishga erishilmoqda. So‘nggi uch yil ichida go‘daklar o‘limi 11,4 promillidan 9,9 promilliga kamaydi.

Prezidentimizning 2019 yil 8 noyabrda qabul qilingan “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori soha rivoji yo‘lidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga zamin yaratdi.

Mazkur qarorga muvofiq, “2019-2023 yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi tuzildi. Xususan, onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni zamon talablari darajasiga olib chiqish maqsadida mamlakatimizda uchta mutlaqo yangi tibbiyot markazi tashkil etiladi. Bular Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazlaridir. Bundan tashqari, ilk bor tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari hamda bemor bolalarga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi navbatchi vrach posti faoliyat boshlaydi.

Yana bir yangilik – birinchi marta ushbu sohaga xususiy sektorning kirib kelishiga yo‘l ochildi. Ya’ni ushbu qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalari uchun tug‘ruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi. Endilikda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Xavfsiz onalik” strategiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlay oladigan tug‘ruq, jonlantirish, chaqaloqlarni jonlantirish, muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, endovizual ginekologiya bo‘limlari, poliklinika, bakteriologik va klinik-biokimyo laboratoriyalari hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud bo‘lgan, shuningdek, sog‘liqni saqlash va FHDYo organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturini doimiy yuritish sharti bilan xususiy tibbiyot muassasalari tug‘ruq qabul qilish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.

Matbuot anjumanida mamlakatimiz tibbiyotida ona va bola salomatligini asrash, aholi reproduktiv salomatligini muhofazalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ana shunday ishlar, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi loyihalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.