Dunyo taraqqiyotining bugungi bosqichini globallashuv jarayonisiz tasavvur etish mumkin emas. Globallashuvning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Biroq qadriyatlar, inson insonni anglashi, e’tiqod va din borasidagi tushunmovchiliklar, dunyoning ayrim mintaqalaridagi ixtiloflar, milliy va diniy nizolarni hal etishda muammolar uchrayotgani achinarli hol.
Bu jarayonda yoshlarning ongi va mafkuraviy bo‘shlig‘ini dinimizga yot bo‘lgan g‘oyalar egallab borayotgani kuzatilmoqda. Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, yot mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim.
Shu bois keyingi yillarda yurtimizda turli sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buyuk allomalar merosini tadqiq etishni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida bir qancha xalqaro maqomdagi tadqiqot markazlarining ochilgani, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yagona O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, turli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz ma’naviy hayotida muhim voqelik bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida o‘tkazilgan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham ana shu maqsad yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Mazkur tadbir “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan onlayn va oflayn shaklda o‘tkazildi.

Anjuman globallashuv jarayonida islomshunoslik va islomni tushunish muammolarini qamrab oldi.
Konferensiyaning maqsadi globallashuv jarayonida islom ta’limotini zamonaviy ilmiy nuqtai nazardan tahlil etish, turli mazhab va maktablar o‘rtasidagi fikriy muloqotni rivojlantirish, diniy masalalarda tahammul va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy hamkorlik platformasini yaratishdan iborat.
Anjumanni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ergash Daminov, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti vakili, doktor Yusuf Ismoiliy tabrik so‘zlari bilan ochib berdi.
Konferensiyada dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish, musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot: o‘tmish, hozirgi, kelajak, oliy islom ta’limini rivojlantirishda yutuqlarga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi, islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasiga oid dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish zaruratiga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanini qayd etdi.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda bugungi axborot asrida yoshlar tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Ishtirokchilar e’tirofiga ko‘ra, mazkur xalqaro anjuman dinning mohiyatini teran anglashda, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish va anglashda, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligi nufuzli olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan alohida ta’kidlandi.
Anjumanda 100 dan ziyod maqola tezislari to‘plandi, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tezislar saralandi.
Mazkur xalqaro tadbir dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda hamda bu boradagi ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.
N.Usmonova, O‘zA