Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Globallashuv davrida OAV qay tartibda ishlashi kerak?
09:24 / 2021-04-09

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, matbuot kotiblari va va blogerlarning qay darajada faolligi, bugungi globallashgan jamiyat hayoti, xususan, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasidagi faoliyati, pozitsiyasi ko‘p jihatdan ularning huquqiy bilimlari, o‘z huquqlaridan amalda qay darajada foydalana olishlariga bog‘liq.

Namanganda mahalliy bosma va elektron OAV vakillari, hokimlik va tashkilotlarning axborot xizmatlari rahbarlari hamda ijtimoiy tarmoqlar ma’murlari ishtirokida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamkorligida tashkillangan “Axborot olish, qayta ishlash va tarqatishda jurnalistlarning huquq va majburiyatlari” mavzuidagi o‘quv seminari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilayotgan seminarda axborotlashgan jamiyatni shakllantirishda OAV xodimlari va blogerlarning ayni paytdagi roli, ularning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, bugungi tezkor, globallashuv davrida ular qay tartibda ishlashi kerak kabi dolzarb mavzular xususida so‘z bordi.  

Yuristlar malakasini oshirish markazi mutaxassislari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy va ma’muriy islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini shakllantirish, bu borada e’tibor qaratilishi va yoritilishi zarur bo‘lgan muhim yo‘nalishlar, davlat boshqaruv tizimi ta’sirchanligini oshirish, qonun hujjatlarini huquqiy monitoring qilish haqida batafsil to‘xtaldi. Ayni shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ijodkorlarning kasbiy malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risda”gi farmoni mazmun-mohiyati va maqsad-vazifalari haqida seminar ishtirokchilariga atroflicha tushunchalar yetkazildi.

O‘quv kurslari davomida “Jurnalist surishtiruvi va uni amalga oshirish tartibi”, “Axborot tarqatishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda javobgarlik masalalari”, “Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi qaratilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish”, “Ommaviy axborot vositalarida shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishning tartibi va shartlari” kabi ma’ruzalar o‘qildi. Jamiyat tafakkuri va fikrini o‘zgartirish, qonun ijodkorligi va uni targ‘ibotida faollik ko‘rsatish, jamiyatning ta’sir immunitetini kuchaytirishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar, odamlarning huquqiy ongini o‘stirishda axborot vositalari minbarlaridan oqilona foydalanish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

– Ommaviy axborot vositalari jamiyatda naqadar ta’sirchan kuchga ega ekanligini anglashda shu kabi amaliy seminarlar muhim o‘rin tutadi, – deydi Chortoq tumani hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rasulbek Ummatov. – Jurnalist va blogerlar so‘z uchun xizmat qilishi kerak, Darhaqiqat, so‘zni aytish, uni yoza olish Yaratgan tomonidan ato etilgan qudratli kuch. Chunonchi, bundan yo bunyodkorlik, yoki aksincha maqsadda foydalanish har bir ijodkorning vijdon amriga bog‘liq. Shu ma’noda, o‘quv mashg‘ulotlari davomida bu boradagi bilim va ko‘nikmalarimizni yanada boyitib olayapmiz.

Interfaol va qizg‘in munozaralar ruhida bo‘lib o‘tayotgan seminar 10 aprelga qadar davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA