XXI asrning ikkinchi choragi dunyo siyosiy manzarasida beqiyos beqarorlik, ziddiyat va raqobatlar davri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Qurolli mojarolar, geosiyosiy raqobatning kuchayishi, iqtisodiy tengsizlik va ekologik muammolar insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir qilmoqda. Hozirda dunyoda 470 million bola nizo ofatidan jabr ko‘rmoqda, 2024 yilning o‘zida sayyoramizda mojarolar soni 200 mingtadan oshgan. Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingi eng ko‘p qurolli to‘qnashuvlar qayd etilgan yil sifatida tarixda qolmoqda.
Bu jarayonlar shubhasiz, xalqaro xavfsizlik tizimining chuqur inqirozga uchraganidan darak beradi. BMTga a’zo davlatlar soni ortgani sari, uning qaror qabul qilish samaradorligi pasayib, geosiyosiy qutblar o‘rtasida ishonch inqirozi kuchayganligi kuzatilmoqda. Bir paytlar global barqarorlikni ta’minlagan institutlar bugun yangi tahdidlarga moslashishda qiynalmoqda.
Mana shunday og‘ir sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosatda tinchlik, hamjihatlik va inson qadrini ulug‘lash g‘oyalariga asoslangan yangi diplomatiya modelini ilgari surmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz xalqaro maydonda faqat kuzatuvchi emas, balki konstruktiv tashabbuskor davlat sifatida tan olinmoqda.
2025 yilning sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi jahon tarixidagi eng murakkab geosiyosiy muhitda o‘tdi, deyish mumkin. Chunki, Jahon iqtisodiy forumi va “Crisis Group” tahliliga ko‘ra, xalqaro tizim bugun 1945 yildan keyingi eng katta siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sinov oldida turibdi. Xususan, qurolli mojarolar ko‘payishi, millatlararo ishonchning yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi, kiber tahdidlar, iqtisodiy tanazzul va texnologik tengsizlik kabi masalalar BMT faoliyatini keskin qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.
Donald Trampning qayta saylanishi natijasida AQSHning BMTga ajratiladigan mablag‘lari qisqarib, tashkilot moliyaviy qiyinchilikka duch keldi. Bu esa, Bosh kotib Antoniu Guterrishni “UN-80 islohoti” deb nomlangan keng ko‘lamli dasturini amalga oshirishga majbur qildi. Unga ko‘ra, BMT idorasidagi xodimlar soni 20 foizga qisqartirilishi, boshqaruv tizimi raqamli asosga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, “Crisis Group” tahlilida BMT oldida Falastinga gumanitar yordamni saqlash, Sudanda diplomatiyani faollashtirish, Suriya va Afg‘onistonda tinchlik jarayonlarini qayta yo‘lga qo‘yish, Gaiti va Kongodagi missiyalarni modernizatsiya qilish, Eron va Ukraina bo‘yicha sanksiyalar oqibatlarini boshqarish kabi o‘nta strategik chaqiriq qayd etilgan. Bu ro‘yxatning o‘zi dunyodagi beqarorlik darajasi naqadar xavotirli ekanligini ko‘rsatadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida “Birgalikda ishlaylik: tinchlik, rivojlanish va inson huquqlari yo‘lida 80 yillik hamkorlik va kelajak” nomli shiori tuzilmaning asosiy g‘oyasi sifatida belgilandi.
– BMT Nizomi o‘zi-o‘zidan amalga oshmaydi. U faqat davlatlar milliy manfaatlaridan yuqori qo‘yilgan umumbashariy mas’uliyat bilan harakat qilganda samara beradi, -dedi Bosh kotib Guterrish o‘z ma’ruzasida.
Bu chaqiriq aslida, davlatlarning yagona siyosiy irodasi sinovidan o‘tmoqda. Zero, global miqyosdagi xavf-xatarlar faqatgina bir yoqlama emas, balki o‘zaro bog‘liq tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bugun yadroviy qurollar xavfi bilan bir qatorda, iqlim inqirozi, kiber terrorizm va axborot manipulyatsiyasi ham xavfsizlikning yangi qirralariga aylandi.
BMTning yubiley sessiyasida xalqaro hamjamiyat oldida ikkita muhim savol qo‘yildi:
Dunyo davlatlari tinchlik va hamjihatlik g‘oyalariga amal qila oladimi?
Ko‘p tomonlama diplomatiya inqirozdan chiqishga qodirmi?
Mana shunday sinovli pallada O‘zbekistonning faol pozitsiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sessiyadagi nutqi dunyodagi beqarorlik fonida ishonch, muloqot va pragmatik hamkorlikka asoslangan mutlaqo yangi siyosiy falsafani ilgari surdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida nafaqat milliy islohotlar, balki global xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy takliflar va g‘oyalar BMTdagi tortishuvli muhokamalar orasida inson qadrini ulug‘lashga asoslangan diplomatiya modeli sifatida yangradi. Ushbu nutq nafaqat o‘lkamiz tashqi siyosatining yangi yo‘nalishini, balki butun jahon diplomatiyasidagi yangi fikr oqimini belgilab berdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida dunyo davlatlarini umumiy xavf-xatarlarga qarshi murosa va hamjihatlik asosida birlashishga chaqirdi. O‘zbekiston yetakchisi fikricha, global beqarorlikka qarshi samarali javob faqatgina inson qadrini ulug‘lash, teng huquqli hamkorlik va ochiq muloqot orqali amalga oshishi mumkin. Shu asosda,diyorimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.
Davlatimiz rahbari nutqida birinchi navbatda xalqaro institutlarni modernizatsiya qilish zarurati alohida tilga olindi. Qolaversa, BMTning “BMT–80” islohot dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, Xavfsizlik Kengashi tarkibini kengaytirish va rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qiluvchi yangi mexanizmlar yaratish g‘oyasini ilgari surdi. Bu tashabbus xalqaro boshqaruv tizimini demokratik asoslarga o‘tkazish, ko‘p qutbli dunyoda barobar huquqli muloqotni ta’minlashga qaratilgan amaliy qadam sifatida baholandi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida barqaror rivojlanish va inson qadri siyosatini tashqi va ichki siyosatning markaziga qo‘ydi. Jumladan, mamlakatda kambag‘allik darajasi keskin kamaygani, ta’lim va ilm-fan sohasida islohotlar izchil davom etayotgani, inson kapitalini oshirish uchun zamonaviy tizimlar joriy etilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan, mamlakatimizda “Butunjahon professional ta’lim sammiti”ni o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida bolalar saratoniga qarshi kurashga bag‘ishlangan xalqaro tadbirni BMT bosh qarorgohida tashkil etish rejasi e’lon qilindi. Albatta, ushbu tashabbuslar inson salomatligi va ta’lim sohasidagi global sheriklikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, nutqda Markaziy Osiyoda tinchlik va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish masalasi ham muhim o‘rin tutdi. Prezident bugungi Markaziy Osiyoni tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirishga qaratilgan islohotlar natijasida yopiq chegaralar ochilganini, uzoq yillar davomida hal etilmagan nizolar tarixda qolganini ta’kidladi. Mintaqada savdo, transport va investitsiya hajmi bir necha barobarga o‘sgani, “Yangi Markaziy Osiyo” tushunchasi xalqaro maydonda mustaqil siyosiy-iqtisodiy sub’ekt sifatida shakllanganligi qayd etildi. Prezident bu jarayonni institutsional asosda mustahkamlash maqsadida ECOSOC va UNCTAD shafeligida mintaqaviy iqtisodiy forum o‘tkazish, UNIDO bilan hamkorlikda “yashil texnologiyalar xabi”ni tashkil etishni taklif qildi.
Afg‘oniston masalasi ham nutqning markaziy nuqtalaridadan biri bo‘ldi. Davlat rahbari xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirib, uning izolyatsiyaga tushib qolishi mintaqaviy barqarorlik uchun jiddiy xavf ekanini ta’kidladi. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish haqidagi taklif BMTning yangi rezolyutsiyasi sifatida qo‘llab-quvvatlanishi lozimligini bildirdi. Bu tashabbus Afg‘onistonni jahon iqtisodiy jarayonlariga jalb etish orqali tinchlikni mustahkamlashni ko‘zlaydi.
Prezidentning G‘azo va Ukraina mojarolari haqidagi murojaati ham dunyo hamjamiyatida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni qayta yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlanib, “ikki xalq – ikki davlat” tamoyili qo‘llab-quvvatlandi. Bu pozitsiya O‘zbekistonning xalqaro maydonda tinchlikparvar, adolatparvar davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Terrorizmga qarshi kurash sohasida Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash faoliyatini kengaytirishni taklif etdi. Ushbu tuzilmani Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish g‘oyasi mintaqa xavfsizligidagi innovatsion yondashuv sifatida e’tirof etildi. Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Toshkentda ochish taklifi esa davlatimizning global xavfsizlik tizimidagi faol ishtirokini yanada kuchaytiradi.
Nutqda iqlim va ekologik xavfsizlik masalalariga ham katta e’tibor qaratildi. Prezident iqlim o‘zgarishini insoniyat uchun eng jiddiy tahdidlardan biri deb baholab, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, iqlim migratsiyasi bilan bog‘liq global xavflarga qarshi xalqaro darajada yagona siyosiy “yo‘l xaritasi” va “Global pakt” qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Xususan, Orolbo‘yi misolida ekologik qayta tiklanish jarayonlari izchil davom etib, dengizning qurigan tubida ikki million gektar maydonda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilganligi, 2030 yilgacha bu hududning 80 foizini yashil qoplamalar bilan ta’minlash rejalashtirilganligi qayd etildi.
Prezident nutqida zamonaviy raqamli texnologiyalar ham xavfsizlikning yangi yo‘nalishi sifatida tilga olindi. Bunda sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektdan adolatli va beg‘araz foydalanishni ta’minlaydigan xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish zarurligi aytib o‘tildi. Bu g‘oya raqamli tengsizlikning oldini olish va innovatsion imkoniyatlarni barcha mamlakatlar uchun ochishga qaratilganligi bilan ahamiyatliligiga e’tibor qaratildi.
Yoshlar va ma’naviy xavfsizlik masalalari ham davlatimiz rahbari chiqishining asosiy nuqtalaridan biri bo‘ldi. Jumladan, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish tashabbusini ilgari surdi. Bu g‘oya yosh avlod ongiga bag‘rikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini singdirishga qaratilgan ma’naviy-tarbiyaviy tashabbus sifatida juda muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki, Islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga yetkazish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini BMT doirasida taqdim etish rejasi ham O‘zbekistonning ma’naviy diplomatiya sohasidagi yutug‘idir.
O‘zbekistonning BMT minbaridan ilgari surgan barcha tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan nafaqat siyosiy bayonot sifatida, balki amaliy yechimlarga qaratilgan konstruktiv dastur sifatida qabul qilindi. Bu tashabbuslar mazmunan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij iqlim bitimi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va “2030 yilgacha barqaror taraqqiyot kun tartibi”dagi ustuvor yo‘nalishlar bilan uyg‘unlik kasb etadi.
Alohida ta’kidlash kerakki, Shavkat Mirziyoyevning BMT 80-sessiyasida ilgari surgan g‘oyalari nafaqat diplomatik doiralarda, balki xalqaro ekspertlar, ilmiy markazlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan ham alohida qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, “TheDiplomat” jurnali O‘zbekistonning mintaqaviy yaqinlashuv siyosati Markaziy Osiyoning “siyosiy ixtiloflar maydoni”dan “hamjihatlik makoni”ga aylantirganini ta’kidlasa, “Al Jazeera” tahlilchilari mamlakatning G‘azo bo‘yicha diplomatik murojaatini “ishonchni tiklovchi insonparvar pozitsiya” deb baholadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi mintaqadagi barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamladi. Mintaqada savdo aylanmasi, investitsiyalar oqimi va transport aloqalarining ko‘payishi BMT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik modelining amaldagi natijasidir. Bu jarayon BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda Markaziy Osiyoning o‘rni katta ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro diplomatiyada “insonparvar yo‘nalish”ni qayta tikladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yo‘nalishda davlatning har bir tashabbusi ortida inson qadri, oila farovonligi, ma’naviyat va kelajak avlod manfaati turadi.
O‘zbekistonning global tashabbuslari bu yangi fikr madaniyati, yangi insoniy yo‘nalishdir. Bu yo‘lda “Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va barqaror jahon qurilishida ishonchli hamkor” degan g‘oya tobora aniq mazmun kasb etmoqda.
Furqat Jo‘rakulov,
Fazilat Qo‘ysinova,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professorlari.