Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Global tezlatkich” tashabbusini qo‘llashda O‘zbekiston birinchi mamlakat sifatida qayd etilgan
17:32 / 2023-10-20

Yuqori darajadagi “Global tezlatkich” (“Global Akselerator”) missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillari va O‘zbekiston  hukumati ishtirokida “Ish o‘rinlari yaratish va adolatli o‘tish uchun umumiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Global tezlatkich” dasturini amalga oshirish doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan ustuvor masalalarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.  

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladigan “Global tezlatkich”ni amalda oshirish bo‘yicha milliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalari haqida so‘z bordi.  

O‘zbekistonda “Global tezlatkich”ni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish va tatbiq qilishni moliyalashtirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, dastur doirasida davlatlar hamda boshqa xorijiy mamlakatlar va tashkilotlarning o‘zaro tajriba almashishiga ko‘maklashish maqsadida 2025 yilda Samarqand shahrida “Ijtimoiy himoyani barqaror rivojlantirish va tenglik sari yo‘l” mavzusida konferensiya tashkil etilishi ko‘zda tutilgani qayd etildi.  

Ish o‘rinlari yaratish va adolatli o‘tish uchun umumiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Global tezlatkich” dasturini amalga oshirish bo‘yicha milliy “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unda asosiy yo‘nalishlar sifatida ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan mehnat bozori va ijtimoiy himoya choralarini belgilash nazarda tutilgan.  

O‘zgalarning yordamiga muhtoj bo‘lgan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar va ularni parvarishlashda band bo‘lgan shaxslar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va ularni  rivojlantirish ham “Yo‘l xaritasi”dan o‘rin olgan.  

Bu sohada zamonaviy standartlarni tatbiq etish va  monitoring tizimini joriy qilish, norasmiy iqtisodiyotni rasmiylashtirish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish (bunda nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlar, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim muhiti va mehnat bozoriga kirishda adolatli sharoitlar yaratish), ijtimoiy sohani moliyalashtirish tizimini takomillashtirish kabilar ham e’tibordan chetda qolmaydi.  

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning mintaqaviy byurosi direktori vazifasini bajaruvchi Mixail Pushkin o‘z nutqida  BMT Bosh  Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan “Global tezlatkich”ga hissa qo‘shish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni olqishladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston XMT ko‘magi bilan BMT Bosh kotibining “global tezlatkich” tashabbusini qo‘llashda  birinchi mamlakat sifatida qayd etilganini alohida e’tirof etdi.  

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va XMT o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan maslahatlashuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.  

Ma’lumot uchun, “Ish o‘rinlari yaratish va adolatli o‘tish uchun umumiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Global tezlatkich” dasturi – BMT Bosh kotibining 2021 yil sentyabr oyida boshlangan tashabbusi bo‘lib, mamlakatlarga ko‘plab inqirozlarni yengish, ijtimoiy rivojlanish va yashil iqtisodiyotga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy tiklanishni tezlashtirishga yordam beradi.  

N.Abduraimova, O‘zA