Munosabat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniq ifoda etdi. Nutq global muammolardan tortib, mintaqaviy hamkorlik, milliy islohotlar, ekologiya va suv xavfsizligi, logistika va yoshlar masalalari kabi ko‘p qirrali yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Davlatimiz rahbari dunyoda urushlar, ijtimoiy va texnologik tengsizlik, iqtisodiy hamda gumanitar inqirozlar ortib borayotganini qayd etdi. Bu jarayonlarda BMTning asosiy platforma sifatidagi roli alohida ta’kidlandi. Xavfsizlik Kengashi transformatsiya qilinishi va “BMT – 80” tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi bildirildi.
Yangi O‘zbekiston islohotlari natijasida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha tushirilgani, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida katta natijalarga erishilgani tilga olindi. Maktabgacha ta’limda qamrov 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga oshgani ko‘rsatildi. Shuningdek, Butunjahon professional ta’lim sammiti va bolalar saratoniga qarshi kurashga bag‘ishlangan tadbir O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Markaziy Osiyoda integratsiya doirasida 2017 yildan boshlab mintaqada savdo, investitsiya va transport hajmi 5 barobarga oshgani qayd etildi. Chegara hududlarida savdo-sanoat zonalari tashkil etilayotgani, davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari integratsiyani mustahkamlayotgani ta’kidlanib, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo taraqqiyotiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, Afg‘onistonning xalqaro maydondan chetda qolmasligi zarurligi qayd etildi. Transport va energetika koridorlarini ushbu davlat orqali rivojlantirish rezolyutsiyasi taklif etildi. G‘azo va Ukrainada siyosiy yechim topish zarurati va tinchlikka chaqiriq bildirildi.
Terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzgani ma’lum qilinib, unga Xalqaro kompetensiyalar markazi maqomi berish va mintaqada BMT ofisini ochish taklif etildi.
Bundan tashqari, dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatlarning muammolariga e’tibor qaratilib, “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy qilish taklif etildi.
Ekologiya va suv xavfsizligi bo‘yicha Orol dengizi tubida 2030 yilga qadar 80 foiz maydonda yashil qoplamalar yaratish rejasi tilga olindi. Shuningdek, Suvni tejash bo‘yicha jahon forumi va iqlim migratsiyasiga qarshi Global pakt ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, raqamli tengsizlikni kamaytirish zarurligi qayd etilib, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellekt yechimlarini almashish bo‘yicha xalqaro mexanizm yaratish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz o‘z chiqishida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratib, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi. Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish, Islom sivilizatsiyasi markazini ochish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan taqdimotlarni BMTda o‘tkazish rejasi bildirildi.
Deputat sifatida men bu nutqni Yangi O‘zbekiston islohotlarining izchil davomi va milliy manfaatlarimizning xalqaro maydonda munosib himoya qilinishi sifatida baholayman. Ushbu nutq parlament oldiga qonun ijodkorligi yo‘nalishida ilgari surilgan takliflarni qonunchilik asoslariga joriy etish, ularning samarali amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, jamiyat va davlat institutlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi vazifalarni qo‘ymoqda.
Undagi g‘oyalar milliy qadriyatlarimiz va demokratik taraqqiyot g‘oyalari bilan uyg‘un tarzda ham xalqimizning, ham jahon hamjamiyatining umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Azamat PARDAEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA