O‘zbekiston anjumanlar saroyida davom etayotgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha ikkinchi global forumida parlament darajasida, eng avvalo, qonunchilikni takomillashtirish jarayonlarida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohanglik yaratilgani e’tirof etildi.
Parlamentda qabul qilinayotgan barcha qonunlar milliy maqsadlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilmoqda.
Keyingi ikki yil davomida parlament komissiyasi tomonidan 12 ta milliy maqsad, 70 dan ortiq vazifa hamda 100 dan ziyod indikatorlar doirasida hududlarda olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
O‘rganish natijalari komissiya majlislarida muhokama qilinib, qariyb 30 nafar vazirlik va idora rahbarlarining axborotlari eshitildi, tegishli qarorlar qabul qilindi.
– Biz ikki yil avval qabul qilgan “Buxoro deklaratsiyasi” uning asosida ishlab chiqilgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasi bilan to‘la hamohangdir, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Umuman olganda, milliy maqsadlarni amalga oshirish uchun mamlakatning barcha resurslari safarbar etilgan. Barqaror rivojlanish maqsadlari amaliy ifodasi nafaqat respublika organlari darajasida, balki tarmoq va sohalar, hududlar va mahallalar darajasida ham namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, global tahdidlarga qaramasdan, milliy iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib bormoqda. Prezidentimiz murojaatida qayd etilganidek, aholining turmush darajasini oshirish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va shu kabi muhim ijtimoiy sohalarda sifat va samaradorlikni oshirish ham ustuvor maqsadlardan etib belgilangan.
Shuningdek, barqaror rivojlanishning zarur sharti bo‘lgan gender tenglikni ta’minlash, samarali bandlikni oshirish hamda aholini munosib ish bilan ta’minlash, barqaror infratuzilmani yaratish bo‘yicha ham keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA