Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global siyosatda madaniy diplomatiyaning o‘rni
13:08 / 2026-02-15

XXI asr global siyosati klassik diplomatiya doirasidan chiqib, ma’no, qadriyat va madaniy ta’sir maydoniga aylanmoqda.

O‘tgan asrda davlatlararo munosabatlar asosan harbiy kuch, iqtisodiy bosim yoki siyosiy ittifoqlar orqali shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda madaniy diplomatiya tashqi siyosatning anchayin ta’sirchan, barqaror vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Globallashuv, raqamli kommunikatsiya va axborot tezkorligi sharoitida davlatning tashqi imiji endi faqat rasmiy bayonot yoki diplomatik muzokara emas, balki muayyan xalqning madaniyati, tili, ta’lim tizimi, san’ati va hayot tarzi orqali shakllanmoqda. Shu ma’noda madaniy diplomatiya – davlatning “yumshoq kuchi” (“soft power”) o‘laroq, xalqaro maydonda ishonch, xayrixohlik va ta’sir doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ushbu maqolada madaniy diplomatiyaning global siyosatdagi o‘rni, evolyutsiyasi va zamonaviy transformatsiya jarayoni mavzulari tahlil qilinadi. Shuningdek, an’anaviy shakllardan raqamli va gibrid formatlarga o‘tish, geosiyosiy raqobatda munosib o‘rin egallash yo‘llari ochib beriladi.

Описание: Ўзбекистон Миллий axborot агентлиги - rasmiy хабарлар, tezkor yangiликлар,  tahlilий-tanqidий материаллар, қонун ҳужжатлари, фото va видеорепортажлар

Ma’lumki, madaniy diplomatiya madaniyat, qadriyatlar, tarix va ma’naviy merosni xorijiy jamoatchilikka yetkazish orqali davlatning ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan tashqi siyosiy faoliyat turidir. Bunday diplomatiya mumtoz uslubdan farqli ravishda faqat hukumatlar emas, balki jamiyatlar, xalqlar va madaniy makonlar o‘rtasida ham izchil muloqotni yo‘lga qo‘yadi.

Nazariy jihatdan madaniy diplomatiya “yumshoq kuch” konsepsiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Yumshoq kuch boshqa davlatni majburlash emas, balki jalb etish, ishontirish va o‘ziga moyil qilish orqali ta’sir ko‘rsatishdir. Bu jarayonda madaniyat, ta’lim, til va qadriyatlar asosiy vositaga aylanadi.

Muhim jihati shundaki, madaniy diplomatiya qisqa muddatli siyosiy foydadan ko‘ra, uzoq muddatli ishonchli va barqaror munosabatni shakllantiradi va geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan davrda ham aloqa uzilishining oldini oluvchi “ko‘prik” vazifasini bajaradi.

Bugungi xalqaro munosabatlar tizimida madaniy diplomatiya quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:

Birinchidan, davlatning tashqi imijini shakllantiradi. Madaniyati boy, ochiq va innovatsion davlatlar xalqaro hamjamiyatda ishonchli sherik sifatida qabul qilinadi.

Ikkinchidan, siyosiy ziddiyatni yumshatadi. Rasmiy diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchragan holatlarda madaniy aloqa muloqotni saqlab qolishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, global raqobatda noan’anaviy ustunlik beradi. Harbiy yoki iqtisodiy imkoniyati cheklangan davlatlar madaniy ta’sir orqali o‘z nufuzini oshira oladi.

To‘rtinchidan, xalq diplomatiyasini rivojlantiradi. Talabalar almashinuvi, madaniy festivallar, kino, musiqa va adabiyot orqali davlatlar o‘rtasida bevosita jamoatchilik aloqalarini kuchaytiradi.

Shu bois madaniy diplomatiya bugungi global siyosatda qo‘shimcha vosita emas, balki tashqi siyosatning ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

An’anaviy shakldan raqamli maydonga

Описание: Xalqaro maydonda O'zbekistonning madaniy diplomatiyasi – Qoraqolpog'iston  Axborot Agentligi

An’anaviy madaniy diplomatiya ko‘proq madaniy markazlar faoliyati, ko‘rgazma, konsert va ta’lim dasturlari orqali amalga oshirilgan. Binobarin, XXI asrda bu mexanizm tubdan o‘zgardi.

Raqamli platformalar paydo bo‘lishi bilan madaniy ta’sir geografik cheklovdan chiqib ketdi. Endi davlatlar o‘z madaniyatini ijtimoiy tarmoq, onlayn ta’lim, platforma va raqamli kontent orqali global auditoriyaga yetkazmoqda.

Bunday uslub muayyan o‘zgarishlarni keltirib chiqardi: madaniy diplomatiya tezkor va ommaviy tus oldi, davlatga qo‘shimcha ravishda nodavlat sub’ektlar – bloger va ijodkorlar, universitetlar faollashdi, axborot urushi va madaniy raqobat unsurlari kuchaydi. Natijada madaniy diplomatiya nafaqat ijobiy imij vositasi, balki geosiyosiy raqobat maydoniga ham aylandi.

Global siyosiy raqobat chuqurlashib borayotgan sharoitda madaniy diplomatiya davlatlar uchun strategik resursga aylanmoqda. Bu jarayon tasodifiy emas: harbiy kuch yoki iqtisodiy bosim qisqa muddatli natija berishi mumkin, ammo madaniy ta’sir orqali shakllangan ishonch ko‘p yil davomida saqlanib qoladi. Shu sababli zamonaviy xalqaro munosabatlarda davlatlar o‘z madaniyatini faqat tanitish emas, balki global auditoriya uchun jozibador, zamonaviy va ochiq shaklda taqdim etishga intilmoqda.

Описание: Madaniyat diplomatiya sifatida: Islomobodda Pokiston Prezidenti bilan  Tojikiston kunlari ochildi – ИА Караvaн Инфо

Hozirgi vaziyat madaniy diplomatiya mazmunan ham o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Avval madaniyat ko‘proq tarix, an’ana va mumtoz san’at orqali ifodalangan bo‘lsa, bugun innovatsiya, kreativ industriya, ta’lim, turizm va raqamli madaniyat bilan uyg‘un holda namoyon bo‘lmoqda. Davlatning nufuzi endi faqat o‘tmish merosi bilan emas, balki zamonaviy dunyoga qanday moslashayotgani, yoshlar bilan qay usulda muloqot qilayotgani bilan ham baholanmoqda.

Ayni payt madaniy diplomatiya global axborot maydonidagi keskin raqobat sharoitida yashamoqda. Raqamli platformalar orqali madaniyat tez tarqaladi, biroq shu qadar tez bahs-munozara, tanqid va hatto manipulyatsiya ob’ektiga aylanishi ham mumkin. Shuning uchun zamonaviy madaniy diplomatiya faqat kontent yaratish bilan cheklanmaydi, balki ma’naviy ishonch, muloqot madaniyati va ochiqlikka tayanadi. Bu esa davlatlardan strategik fikrlash, uzoq muddatli madaniy siyosat yuritishni talab qiladi.

Yana bir muhim jihat – davlat monopoliyasidan chiqish jarayoni. Bugun universitetlar, ilmiy markazlar, kino va musiqa industriyasi, sport, hatto alohida shaxslar ham madaniy diplomatiya sub’ektiga aylanmoqda. Bu holat madaniy ta’sirni yanada kuchaytirsa-da, boshqarishni murakkablashtiradi. Shu nuqtada davlatning vazifasi madaniyatni qat’iy nazorat qilish emas, balki qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish va global maydonda erkin harakatlanishiga sharoit yaratishdan iborat.

Global siyosatda madaniy diplomatiyaning ahamiyati yana bir omil – ziddiyatli geosiyosiy muhitda ham muloqot imkoniyatini saqlab qolish xususiyati bilan bog‘liq. Qarshi qarash, sanksiya yoki siyosiy sovuqlik sharoitida ham madaniy aloqa butunlay uzilmaydi. Aynan shu jihat madaniy diplomatiyani xalqaro barqarorlikni ta’minlovchi muhim omil sifatida namoyon qilib, an’anaviy diplomatiyadan ustunlikni ta’minlaydi.

Shu nuqtai nazardan madaniy diplomatiya konsepsiyasi sifatida ilgari surilgan, “Joseph Nye” ta’kidlagan “yumshoq kuch” g‘oyasi bugun yangi mazmun bilan boyimoqda. Bu ta’limot endi faqat joziba emas, balki ma’naviy ishonch, global mas’uliyat tushunchalari bilan uyg‘unlashmoqda. Davlatlar madaniy diplomatiya orqali nafaqat o‘z manfaatini ilgari surmoqda, balki global muammolarga munosabatini ham ifodalamoqda.

Xulosa shuki, madaniy diplomatiya global siyosatda ikkinchi darajali emas, balki strategik ahamiyatga ega ta’sir vositasiga aylangan. Qayta shakllanish jarayoni esa dunyodagi siyosiy, texnologik va madaniy o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. Madaniy ta’sirni to‘g‘ri anglash va zamonaviy shaklda qo‘llay bilish xalqaro maydonda uzoq muddatli nufuz va ishonch qozonish imkonini beradi. Bugungi dunyoda aynan shu omil davlatlarning haqiqiy global o‘rnini belgilamoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA