French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global sifat infratuzilmasi indeksida 29-o‘ringa ko‘tarildi
15:16 / 2025-12-09

O‘zbekiston Milliy akkreditatsiya tizimi

“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilgi Global sifat infratuzilmasi indeksi natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston akkreditatsiya xizmati 185 ta davlat orasida 29-o‘rinni egalladi.  

Qayd etish joiz, o‘tgan yilda “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM (O‘ZAKK) 39-o‘rinda bo‘lgan edi.

Global sifat infratuzilmasi indeksi milliy sifat infratuzilmasi tizimlarining rivojlanishini baholash uchun innovatsion vosita hisoblanadi. U Mesopartner tomonidan Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) hamda Germaniya Federal fizika-texnika instituti (PTB) ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 185 ta iqtisodiyotni baholaydi.

Indeks siyosatchilar, sifat infratuzilmasi mutaxassislari, tadqiqotchilar va moliyalashtirish agentliklari uchun qimmatli ma’lumot manbai hisoblanadi. 2025 yilgi hisobotda ommaga ochiq ma’lumotlar asosida yangilangan tahliliy natija taqdim etilgan. Shu bilan birga sifat infratuzilmasini global savdo, barqaror rivojlanish hamda texnologik o‘zgarishlar bilan bog‘laydigan yangi tendensiyalar ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM 6 yil mobaynida faoliyat yuritib kelmoqda. Qisqa vaqt ichida Markaz xalqaro tan olinishga erishdi va ILAC MRA / IAF MLA Ko‘ptomonlama Bitimlarini imzoladi. Hozirda esa IAF/ILAC asosida yangidan tashkil etilgan GLOBAC xalqaro tashkiloti tomonidan tan olingan.

Bugungi kunda O‘ZAKK 15 ta yo‘nalishda xalqaro standartlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelmoqda, va 2026 yilda yana 6 ta xalqaro standart bo‘yicha yangi sxemalarni joriy etish rejalashtirilgan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA