Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yilning 21 iyun – 2 iyul kunlari Dubayda ilk bor dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida Global shaxmat ligasi turniri o‘tkazilishini, unda ishtirok etadigan shaxmatchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ilk bor tashkil etilayotgan Global shaxmat ligasi (GCL) bahslari 6 nafar shaxmatchidan iborat 6 ta jamoa o‘rtasida o‘tkaziladi.

Ushbu nufuzli musobaqada amaldagi jahon chempioni Din Lijen, besh karra jahon chempioni Magnus Karlsen, Vishvanatan Anand, to‘rt karra ayollar o‘rtasidagi jahon chempioni Xou Ifan, tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov, blits yo‘nalishida 2021 yilgi jahon chempioni Maksim Vashe-Lagrav, 2013 yilgi jahon chempioni Shahriyor Mamedyarov, 2008 yilgi blits bo‘yicha jahon chempioni Lener Dominges, uch marta blits yo‘nalishida jahon chempioni Aleksandr Grishchuk va 2018 yilgi tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Daniyel Dubovlarning nomi qatorida o‘nlab yosh iqtidor egalari keltirilgan. Shuningdek, ro‘yxatda yana bir shaxmatchimiz Javohir Sindorov ham bor.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbari Arkadiy Dvorkovichning fikricha, jahon shaxmatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan nomdorlarning jamoaviy tarzda musobaqalashishi liga zamonaviy shaxmat ekotizimida yangi davrni boshlab beradi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA