Global iqtisodiy jarayonlar jadallashib, raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu borada xorijiy sarmoyalarni jalb etish, zamonaviy boshqaruv tajribasi va innovatsion yechimlarni iqtisodiyotning real sektorlariga tatbiq qilish barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulov bilan global raqobat keskinlashayotgan sharoitda iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik yangilashning ob’ektiv zarurligi xususida suhbatlashdik.
–So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy iqtisodiyotni texnologik jihatdan rivojlantirish, sanoatning ustuvor sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda innovatsion o‘sishni ta’minlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini texnologik jihatdan rivojlantirish orqaligina sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish mumkin. Shu bilan birga, mehnat unumdorligining oshishi hisobiga ishlab chiqarish xarajatlari qisqarib, samaradorlik ortib boradi. Bu holat mamlakatning eksport salohiyatini yaxshilash bilan birga, kadrlar salohiyatining ortishiga ham turtki beradi.
Albatta, iqtisodiyotning muhim soha va tarmoqlarini texnologik jihatdan rivojlantirishda xorijiy investitsiyalarning o‘rni muhim. 2017 -2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 188 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilib, xorijiy kapital ishtirokidagi 16 mingdan ortiq korxona ochildi. 2025 yilda esa iqtisodiyot tarmoqlariga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 31,9 foizni tashkil etib, eksport 33,4 milliard dollarga yetdi.
Albatta, bunday ko‘rsatkichlarga erishish uchun so‘nggi yillarda xalqaro tashkilotlar, xususan Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki tavsiyalariga ko‘ra, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini yanada rivojlantirish borasida yo‘l xaritalari, tarmoq va sohalarni takomillashtirish borasida o‘rta va uzoq muddatli strategiyalar hamda davlat dasturlari qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari shular jumlasidan.
–Xalqaro bozorlardagi bugungi o‘zgarishlar, dunyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy taranglik har bir mamlakatdan kechiktirib bo‘lmaydigan darajada milliy iqtisodiyotni texnologik rivojlantirish va innovatsion o‘sishni ta’minlashni talab etmoqda. Bunda O‘zbekiston qanday yo‘l tanlamoqda?
–Darvoqe, bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xos bo‘lgan an’anaviy iqtisodiy o‘sish modeli hozirgi global raqobat talablariga javob bermay qoldi. Sababi, mazkur model asosan ishchi kuchi, qo‘shimcha xarajatlar hamda xomashyoga tayangan ekstensiv o‘sishga asoslangani bois, bu tizimda mehnat unumdorligi past bo‘ladi. Hozirgi resurslar tanqisligi, ekologik omillarning kuchayib borishi, xususan global iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining kamayishi, aholi sonining ortishi mamlakatlardan tejamkor texnologiyalardan foydalanish, raqamli xizmatlarni kengaytirish, sun’iy intellekt imkoniyatlarini ishga solish, inson kapitaliga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishni talab etmoqda. Ushbu talablarning naqadar muhim ekanini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Murojaatnomada davlat rahbari 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilgan holda mazkur yilda amalga oshiriladigan eng muhim oltita ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish 2026 yilda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlarning samarali bajarilishidagi ikkinchi ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etgan holda quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratdi.
Birinchidan, hozirgi kunda jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqara olgan mamlakatgina dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) hamda BMTning Sanoat rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur kabi mamlakatlar hozirgi kunda jahon bozorida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlari bilan yetakchilik qilmoqda. Xususan, 2024 yilda Xitoy dunyoda eng yirik qiymatga ega bo‘lgan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqargan mamlakat sifatida e’tirof etildi. UNIDO’ning ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning sanoat sohasida yaratgan mahsulotlari qiymati 4,6 trillion AQSH dollarini tashkil etib, bu ko‘rsatkich jahon sanoatining 27,7 foizini tashkil etadi.
Xitoyda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining asosiy qismi yuqori texnologiyali hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni tashkil etadi. O‘rtadan yuqori darajali daromadga ega bo‘lgan mamlakatlar hisoblangan Armaniston, Belarus, Gruziya, Argentina, Braziliya, Meksika, Indoneziya, Malayziya, Tailand kabi davlatlar ham so‘nggi yillarda iqtisodiyotning muhim sohalarini texnologik jihatdan takomillashtirish va innovatsion rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. TheGlobalEconomy.com nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Armanistonda inson kapitalini rivojlantirish hisobiga eksportda yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushi 22 foizga yetgan. Shuning uchun davlatimiz rahbari Murojaatnomada iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish 2026 yilda islohotlarning bosh mezoni bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham mamlakatimiz sanoatida ishlab chiqariladigan texnologik mahsulotlar ulushini 2030 yilga borib, 25 foizdan 32 foizga yetkazish, qayta ishlash sanoatida mehnat unumdorligini 2 barobar oshirish hamda sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard AQSH dollariga yetkazish bilan birga, 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rnini yaratish maqsad qilingan.
–Ta’kidlaganingizdek, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini texnologik hamda innovatsion o‘sish modeliga izchil o‘tkazish zarur. Ushbu jarayonni samarali boshlash uchun qaysi asosiy jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim? Bu borada qo‘yilayotgan talablar nimalardan iborat?
–Avvalo, iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishda tizimli yondashuvni ta’minlash muhim. Buning uchun ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda malakali kadrlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozim. Shu bilan birga, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, xalqaro standart va ilg‘or tajribalarni joriy etish mazkur jarayon samaradorligini oshirishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni texnologik rivojlantirish va uning innovatsion o‘sishини ta’minlash borasida jahonda yuz berayotgan tendensiyalardan kelib chiqib, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotida ham yangi texnologik bosqichga o‘tish davri kelganini alohida ta’kidlash mumkin. Bu borada so‘nggi yillarda ishlab chiqarish sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etila boshlandi.
Albatta, bunday dasturlarni samarali amalga oshirishda xorijiy investitsiya muhim ahamiyatga ega. Agar 2024 yil natijalariga e’tibor beradigan bo‘lsak, xorijiy investitsiyalar 2023 yildagiga nisbatan 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rtacha loyiha ishga tushdi, eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 43,1 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. 2026 yilda O‘zbekistonda 52 milliard AQSH dollarilik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihalariga start berilishi ta’kidlab o‘tildi. Natijada joriy yilda 14 milliard AQSH dollarilik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar tufayli 2026 yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlash, yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard AQSH dollariga yetkazish prognoz qilinmoqda. E’tibor beradigan bo‘lsak, yildan-yilga iqtisodiyotning soha va tarmoqlariga jalb etayotgan investitsiyalar miqdori ortib bormoqda. Bu, o‘z navbatida yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga, ilm talab etadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytiradi.
Uchinchidan, O‘zbekistonda joriy yildan boshlab innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Buning uchun korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, joriy yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 4 ta data-markaz, 2 ta superkompyuter va 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yaratilayotgan mazkur infratuzilma kelgusida tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
–Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish nima uchun strategik ahamiyatga ega va bu jarayon qanday natijalarga olib kelishi mumkin?
– Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish nafaqat iqtisodiy siyosatning navbatdagi bosqichi sifatida, balki milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va eksport raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan strategik burilish sifatida baholanadi.
Bu yo‘nalishda qabul qilinadigan qarorlar aniq indikatorlar, o‘lchanadigan natijalar va doimiy analitik monitoring bilan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Natijada milliy iqtisodiyotning xomashyoga qaramlik darajasi kamayadi, ilmiy talab va yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushi ortishi bilan mehnat unumdorligi o‘sadi, ishlab chiqarilayotgan tovarlarning mahalliy va xorijiy bozorlardagi raqobatbardoshlik darajasi yaxshilanadi va eksport salohiyati ortadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.