Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global oziq-ovqat narxi tushmoqda
07:19 / 2026-02-14

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (G‘AO) tomonidan bugun e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, global darajadagi oziq-ovqat narxi yanvar oyida yana pasaygan. Ta’kidlash joiz, bunday holat ketma-ket besh oydan buyon kuzatilmoqda. Hisobotda aytilishicha, asosan sut mahsulotlari, shakar va go‘sht savdosida o‘zgarish yaqqol sezilmoqda.

Ta’kidlanishicha, o‘rtacha qiymat dekabr oyiga nisbatan 0,4 foiz, o‘tgan yilga nisbatan 0,6 foiz tushgan.

Bug‘doy va makkajo‘xori biroz arzonlaganiga qaramay, don 0,2 foiz qimmatladi. Yirik bug‘doy zaxirasi Rossiya va AQSHda qishki ekinlar uchun yuzaga kelgan ob-havo xavfini qopladi.Makkajo‘xori zaxirasi esa Argentina va Braziliyadagi noqulay iqlim ta’siri hamda AQSHda etanolga talab oshishi bois kuzatilgan murakkab vaziyatni o‘ngladi. Guruch narxi o‘rtacha 1,8 foiz ko‘tarildi.

O‘simlik yog‘i narxi 2,1 foiz oshgan. Janubi-sharqiy Osiyoda ishlab chiqarish mavsumiy darajada kamayishi va importga talab kuchayishi tufayli global palma yog‘i qimmatlashdi, soya yog‘i narxi esa Janubiy Amerikadan eksport kamayishi va Qo‘shma Shtatlarda biologik yonilg‘iga talab oshishi asnosida yuqoriladi.

Qora dengiz mintaqasida ta’minot cheklanishi ortidan kungaboqar yog‘i qiymati ham ortdi. Shu bilan birga Yevropa Ittifoqida import miqdori sezilarli darajada oshishi tufayli raps yog‘i tushdi.

Go‘sht narxi 0,4 foiz pasaygani qayd etildi. Bu holat global taklif yetarliligi va talab zaifligi bilan bog‘liq. Parranda go‘shti qimmatlashishining sababi esa eksport talabi kuchli Braziliyada narx ko‘tarilgan.

Mol va qo‘y go‘shti qiymati barqaror bo‘lib qolmoqda. Qo‘shma Shtatlarda bojsiz kvota tez to‘lib qolsa-da, Braziliyadan Xitoyga yetkazib berish ko‘paygani uchun inqirozning oldi olingan.

Sut mahsulotlari narxi besh foiz pasaydi. Pishloq va sariyog‘ narxi eng ko‘p tushgani kuzatildi. Bunga sabab – ta’minot yetarli. Binobarin, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Osiyoning ayrim hududlari bilan bog‘liq yangilangan talab sharoitida yog‘siz sut kukuni narxi oshgan.

Hisobotda shakar qiymati 1 foiz tushgani keltirilgan. G‘AO buni Hindistonda ishlab chiqarish tiklanishi, Tailand uchun ijobiy taxmin va Braziliyadagi ijobiy o‘zgarish tufayli joriy mavsum global taklif oshishiga oid kutilgan natija bilan bog‘lamoqda.

G‘AO global don mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha navbatdagi farazni e’lon qildi: umumiy ishlab chiqarish 3,023 milliard tonnaga yetishi kutilyapti. Bu rekord ko‘rsatkich.

O‘sish yo‘nalishi Argentina, Kanada va Yevropa Ittifoqida bug‘doy hosili mo‘ljaldagidan ortishi, shuningdek Xitoy va AQSHda makkajo‘xori ekiladigan maydon kengayishi hamda hosildorlik yuqori bo‘lishini ifodalagan. Guruch yetishtirish asosan Hindiston, Bangladesh, Braziliya, Xitoy va Indoneziyada rivojlanishi kutilyapti.

S.Rahimov, O‘zA