Global oʻzgarishlar sharoitida bojxona tizimini takomillashtirishning muhim jihatlari nimada?
Bojxona organlarining faoliyat koʻrsatishi Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgan dastlabki yillardan boshlangan.
Bojxona organlarining faoliyat koʻrsatishi Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgan dastlabki yillardan boshlangan. 1991-yilning sentyabrida Ichki ishlar vazirligi huzurida “Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish boʻyicha Incpeksiya” tashkil etildi. Endigina mustaqil boʻlgan davlatning hududiy chegaralarida bojxona nazorati oʻrnatildi va koʻplab zarur isteʼmol tovarlari katta miqdorda chetga olib chiqib ketilishining oldi olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni (25.10.1991. PF-284-son) bilan ilk bor Bojxona qoʻmitasi tashkil etilgan edi.
Oʻtgan yillar davomida Bojxona xizmati faoliyatiga doir huquqiy-meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi tartib-tamoyillarini jahon andozalariga moslashtirish maqsadida tizimli islohotlar olib borildi. Jumladan, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon tom maʼnoda bojxona tizimida tarixiy ahamiyatga ega boʻldi, deb atasak boʻladi. Sababi, bojxona ishi tarixida birinchi marta 26-yanvar - Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati xodimlarining kasb bayrami kuni deb, eʼtirof etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim ustuvor yoʻnalishlari va dasturlari belgilab olindi. Farmon talablaridan kelib chiqib, bugungi kunda Bojxona ishini jahon andozalari talablariga javob beradigan, professional bojxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi joriy etildi. Ushbu olib borilayotgan barcha tizimli islohotlar bojxona tizimi uchun zamonaviy tafakkur, psixologik tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega, intellektual jihatdan rivojlangan, xorijiy tillarni chuqur oʻrgangan, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ado etishga toʻlaqonli qodir boʻlgan, qasamyodi va burchiga sodiq kadrlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirkorlar tomonidan “Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish” interaktiv xizmati orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati yoʻlga qoʻyilgan. “Elektron deklaratsiyalash” axborot tizimi orqali tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tovarlarni elektron deklaratsiyalashni amalga oshirishmoqda. Ushbu imkoniyat amalda oʻzini toʻla oqladi deb ishonch bilan aytish mumkin. Sababi, ushbu xizmat joriy qilingan 2014-yilning oʻzidayoq 98,7 % bojxona yuk deklaratsiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi. Soʻnggi 3 yilda esa bu koʻrsatkich 99, 9 %ni tashkil etdi. Buning natijasida tadbirkorlik subyektlarining xarajatlari va vaqti tejalishiga erishildi. Xususan, DBQning maʼlumotlariga koʻra, BYUDni elektron tarzda taqdim etish hamda qogʻoz koʻrinishida deklaratsiyalash amaliyoti toʻxtalishi natijasida har yili bojxona yuk deklaratsiyalarining qogʻoz blankalari uchun sarflangan 1,3 mlrd. soʻm miqdoridagi xarajatlar iqtisod qilingan (yaʼni tadbirkor ixtiyorida qolgan). Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova hujjatlarini (invoys, nakladnoy, kontrakt va boshqalar) elektron shaklda taqdim etish natijasida har yili tadbirkorlar tomonidan 60 tn qogʻoz iqtisod qilingan. Eng muhimi esa tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati uchun sarflangan vaqt qariyb, 5-martaga qisqargan.
Shuningdek, birinchidan, iqtisodiy oʻsish uchun muqobil shart-sharoitlarni yaratish, xususan xalqaro savdoni rivojlanishiga qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Ikkinchidan, davlat chegara hududlarida bojxona nazorati takomillashtirildi. Har bir mustaqil davlatlarning iqtisodiyoti bevosita tarixiy davlat chegaralarini daxlsizligi va xavfsizligini taʼminlanishiga bogʻliq. Xalqaro savdoni nechogʻlik rivojlantirish, aynan qoʻshni mamlakatlarning manfaatlariga mos ravishda chegara hududlar bilan oʻzaro manfaatli shartnomalar imzolandi.
Uchinchidan, mamlakat fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash eng muhim strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Aholi sogʻligʻini, inson manfaatlarini xalqaro darajada muhofaza qilish, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va boshqa kontrafakt tovarlardan himoya qilishning zarur choralari koʻrildi.
Toʻrtinchidan, chegara oʻtkazish punktlarida davlat chegara xizmatlari bilan “Yagona darcha” tamoyili asosida integratsiyalashuvi va muvofiqlashtirilishini taʼminlovchi yagona elektron tizim joriy etildi, shuningdek sertifikatlash tizimi toʻliq elektron shaklga oʻtkazilib, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan muvofiqlashtirildi.
Beshinchidan, xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi amaliyotga joriy etilib, tovar va transport vositalari uchun ham bojxona nazoratida maxsus yoʻlaklar joriy etildi. Jumladan, 2018-yil 1-dekabrdan boshlab “sariq” va “qizil” yoʻlaklar ishga tushirilgan boʻlsa, 2019-yil 1-martdan boshlab “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar joriy etildi. Ushbu tizimni toʻlaqonli amalga kiritish orqali “yalpi” bojxona nazoratini oʻtkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlovlar asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati amalga oshirilmoqda.
Bojxona organlari tomonidan fiskal vazifalarni amalga oshirishning samarali usullari ishlab chiqildi; Bojxona auditi va xavfni boshqarish tizimlarini amaliyotga joriy etish mexanizmlari yaratildi; Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida tovarlarga tegishli hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan usullari ishlab chiqildi; Bir tovarni ikki marta sertifikat talab etishdan voz kechib, mazkur sertifikatlarni umum eʼtirof etilishiga erishildi; Bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etiladigan hujjatlar optimallashtirildi va soddalashtirildi; TIF ishtirokchilari, Bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yoʻlakka joylashtirilganligi toʻgʻrisida real vaqt rejimida maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻldi. Bojxona amaliyotida xavfni boshqarish tizimini qoʻllashning samarali usullari yaratildi va xavf profillari doimiy takomillashtirib borilmoqda, natijada bojxona rasmiylashtiruviga sarf boʻladigan muddat 50 % ga qisqartirildi.
Qurbonqul KARIMQULOV,
DBQning Bojxona instituti kafedra
mudiri, texnika fanlari doktori, professor