24 oktyabr — Birlashgan Millatlar tashkiloti tuzilgan kun
Notinchlikning dolzarb muammoga aylanishi nafaqat bugun, balki uzoq tarixdan o‘zining salbiy ta’siri bilan shu kunlargacha yetib kelmoqda.
Irqiy kamsitilish, manfaatlar to‘qnashuvi, tajovuzlar har bir davrda o‘zini namoyon etib kelmoqda. Bunday paytda esa shubhasiz tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish uchun xolis va xalqaro miqyosida so‘zi, faoliyati bilan tartibga soladigan tashkilot yuzaga kelishi lozim edi.
Shu kabi maqsadlarni jamlagan holda 1945 yil 24 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar tashkilotini tuzish haqida dunyo davlatlari tashabbusi bilan qaror qabul qilindi. Tashkilot ustavi esa 1950 yil San-Fransisko konferensiyasida qabul qilindi. BMT ustaviga dastlab 51 ta davlat imzo chekdi, 2000 yilda esa ular soni 189 taga yetgan.
BMTning doimiy ish o‘rni (shtab kvartirasi)esa Nyu-Yorkda joylashdi. Tashkilotning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan va xitoy tillari bo‘lib, ingliz, fransuz, ispan tillarida ish yuritiladi.
BMT Ustavida ko‘rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Tashkilot shu kabi umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markaz bo‘ldi.
2000 yil 6-8 sentyabrda BMTning 55-sessiyasi doirasida “Mingyillik sammiti” bo‘lib o‘tdi. Unda 155 dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etdi. Mazkur anjumanda umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy iqtisodiy, ekologiya va xavfsizlikka doir muammolar muhokama qilindi.
O‘sha paytda BMT Kotibiyati turli departament va boshqarmalarga bo‘lindi.
O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, ko‘p o‘tmay, 1992 yil 2 mart kuni Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarildi. 1993 yil 24 avgustda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. BMTda O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi bugungi kunga qadar BMTning teng huquqli a’zosi sifatida ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib kelmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA