Munosabat

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqini vatandoshlarimiz hayajon bilan tingladi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan qayd etilgan global muammolar, ularning tahlili va izohlangan yechimlari shubhasiz diqqatga sazovordir.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida global masala bo‘lib kelayotgan 11 ta ustuvor vazifani ta’kidlagan holda, yechim va takliflar bilan asoslab berdi. Bu esa Yangi O‘zbekiston tashqi siyosat olamida tinchliksevar va insonparvar davlat ekanligini, bu mamlakatda inson qadri har narsadan ulug‘ ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston “BMT-80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdori ekanligini bildirdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida inson qadri va farovonligini oshirish, har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish maqsad qilib qo‘yilganligi ham bejiz emas. Bularni tahlil qiladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga qisqarganligi, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligidan dalolatdir.
Shuningdek, ta’lim va ilm-fan sohasida olib borilayotgan izlanishlar va o‘zgarishlar ham sezilarli darajada natija berayotgani ham quvonarlidir. Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizgacha oshgani, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizgacha yetgani xayrli maqsadlarning natijasini namoyon qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Butunjahon professional ta’lim sammitini O‘zbekistonda o‘tkazish” taklifidan ko‘zlangan maqsad pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishlari uchun yagona xalqaro platformani yaratishdir. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda pedagoglarimizning kasbiy salohiyati, mahoratini oshirishga va o‘zbek pedagogikasining xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun asos sifatida xizmat qiladi.
Mamlakatimizda bolalar salomatligini himoya qilish, ularning sog‘lom va barkamol unib-o‘sib, hayotda o‘zining munosib o‘rnini egallashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish masalasi ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida “Bolalar saratoni va og‘ir kasalliklarga qarshi xalqaro anjuman”ning o‘tkazilishi ham sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, dunyo miqyosida saraton kasalligi va og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha amaliy qadamdir.
Muhim yo‘nalishlarimizdan yana biri bo‘lgan gender siyosati to‘g‘risida takliflar berilganligi ham ahamiyatlidir.
Osiyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va ta’sirini oshirish borasida salmoqli yutuqlarga erishmoqda.
Bu borada O‘zbekistonda ham ayollarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o‘z ifodasini topgan.
Tizimli islohotlar sababli xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldi olinmoqda, ular orasida ishsizlik darajasi kamaydi, ayollar tadbirkorligi oshirilib, kambag‘allik qisqartirildi.
Ayollarning boshqaruv sohalaridagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 49 foizga, oliy ta’limda 50 foizga yetganligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Osiyo xotin-qizlari forumining aynan O‘zbekistonda o‘tkazilib borilishi ham bejiz emas.
Mazkur xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirishga, o‘zaro tajriba almashish va do‘stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, O‘zbekiston nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi.
Davlatimiz rahbarining nutqi insonparvarlik tamoyillariga asoslanganligining yana bir jihati shundaki, dunyo yoshlarining qalbiga va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirilishi dolzarb muammo va vazifa sifatida ta’kidlandi.
Bu borada “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi ilgari surilganligi har birimiz uchun faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi bilan bir qatorda, mas’uliyat hissini ham orttiradi.
Pardaxol Norqobilova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA