Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global moliyalashtirish qisqarsa, 6 milliondan ko‘p bola maktabga borolmaydi
01:58 / 2025-09-25

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) global ta’limga ajratiladigan mablag‘ keskin qisqarishidan ogohlantirmoqda. Agar shu holat yuz bersa, 2026 yilga kelib yana 6 million bola maktabga borolmasligi mumkin.

Ta’limga rasmiy taraqqiyot yordami 3,2 milliard dollarga kamayishi taxmin qilinmoqda. Bu 2023 yil darajasidan 24 foiz kam. Tasavvur qilaylik: faqat  uch donor davlat o‘z homiylik ulushini 80 foizga yaqin qisqartirgan. Natijada dunyo bo‘ylab o‘qishdan mahrum o‘g‘il-qizlar soni 278 millionga yetarkan. YUNICYeF ayni holatni Germaniya va Italiyadagi barcha boshlang‘ich maktablar yopilishiga tenglashtirgan.

YUNICYeF ijrochi direktori Ketrin Rassel shunday deydi:

– Ta’limdan chegirilgan har bir dollar shunchaki byudjet vositasi emas, balki xavf ostida qolayotgan bola taqdiri. Moliyalashtirish qisqarishi ayniqsa inqirozli mamlakatlarga sezilarli ta’sir qiladi. Eng kam ta’sir zaif mintaqalarda kuzatiladi. G‘arbiy va Markaziy Afrikada 1,9 million yosh ta’limdan mosuvo bo‘lishi mumkin. Shimoliy Afrikada esa qo‘shimcha million nafar o‘g‘il-qiz o‘qishni to‘xtatishi ehtimoli mavjud.

Umuman, 28 mamlakat ta’lim tizimi mo‘ljaldagi yordamning kamida to‘rtdan bir qismini yo‘qotish xavfi bor. Qora qit’ada Kot-d Ivuar va Mali kuchli muammoga duch keladi. Bu ikki davlatda maktabga qabul kvotasi mos ravishda 340 000 va 180 000 ga kamayadi.

Inqiroz hayotiy xizmatga ham tahdid solmoqda. Maktabda ovqatlantirish dasturlari (ba’zan bola to‘yib ovqatlanishi uchun yagona manba maktabda beriladigan taom hisoblanadi)ga ajratilayotgan mablag‘ teng yarmiga qisqarishi xavfi paydo bo‘lgan.

Achinarlisi, qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash ham kamaymoqda. Sinfda qolgan 290 millionga yaqin bolaning o‘qishi yomonlashishi mumkin.

YUNICYeF donorlar ta’limga berayotgan ko‘makning qariyb yarmini rivojlanmagan mamlakatlarga yo‘naltirish, gumanitar moliyalashtirishni saqlab qolish hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limga ustuvor ahamiyat qaratishga chaqirmoqda. Shuningdek, moliya yanada samarali va barqaror yo‘naltirilishini ta’minlaydigan islohotlar zarurligini ta’kidlaydi.

Ketrin Rassel qo‘shimcha qilishicha, “Ta’lim, ayniqsa favqulodda vaziyatdagi hayot yo‘li, ta’limga mablag‘ ajratish har bir inson uchun kelajakka qo‘yish mumkin bo‘lgan eng yaxshi sarmoyadir.

Sohaga mablag‘ kamayishi birinchi navbatda boshlang‘ich ta’limga og‘ir zarba beradi. Ma’lumotga ko‘ra, boshlang‘ich ta’limni moliyalashtirish uchdan bir qismga qisqarishi kutilyapti. YUNICYeF ayni vaziyat global inqirozni yanada chuqurlashtirishidan ogohlantirmoqda. Qolaversa, sayyoramizning  ko‘plab mintaqalarda hayot notinch, urush to‘xtamayapti, bolalar maktabga bora olmayapti. Ta’limga yo‘naltirilishi kerak bo‘lgan pul urushga, o‘q-doriga sarflanmoqda. Bolasini o‘qita olmagan millatning kelajagi esa sarobga aylanishi shubhasiz.

S.Rahimov, O‘zA