Abu-Dabida o‘tkazilgan Global Media Kongressining ikkinchi ko‘rgazmasi o‘z nihoyasiga yetdi. Unda ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyalar olamida yangi mezonlarni belgilovchi bir qator innovatsion e’lonlar, muhokamalar va ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Uch kun ham qiziqarli panellar, asosiy ma’ruzalar va sohaning eng ko‘zga ko‘ringan arboblari boshchiligidagi interaktiv sessiyalarga boy bo‘ldi. BAA Vitse-prezidenti, Bosh vazir o‘rinbosari va Prezident sudi raisi Oliy hazratlari Shayh Mansur bin Zoid Ol Nahayon homiyligida “Global Media Congress – 2023” innovatsiyalarni rivojlantirishga va mutaxassislarga qaror qabul qiluvchilar, fikrlovchi yetakchilar o‘rtasida bilim almashish imkoniyatini yaratdi.
Kongressda ishtirokchilarning o‘sishi kuzatildi. O‘tgan yili 13 ming 556 ishtirok bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 23 ming 924 tani tashkil etdi. Shuningdek, kongress davomida 172 ta davlat ishtirok etdi. Ulardan 31 tasi birinchi marta ishtirok etdi. 32 ming kvadrat metr maydonni egallagan Kongressda turli mamlakatlardan 77 yetakchi soha ma’ruzachisi jalb qilingan. Kongress ko‘rgazmasida yetakchi xalqaro va mahalliy brendlar eng so‘nggi ommaviy axborot vositalariga yo‘naltirilgan texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni namoyish etildi.
– Men Tataristonning Qozon shahridan keldim, – deydi Ildar Mirgalimov. – Ushbu Kongressda ilk bor ishtirok etyapman. Fikrimcha juda samarali tadbir bo‘lib o‘tdi. Chunki, bu yerda Jahon media sohasida qanday tendensiyalar borligi haqida xabardor bo‘lishimiz, dunyoning boshqa mamlakatlaridagi hamkasblarimizni qaysi muammolar ko‘proq qiziqtirishi va sohamiz oldida turgan ko‘plab chaqiriqlarga hamkasblarimiz qanday yechim topayotgani haqida bildik. So‘nggi yillarda texnologiyalar, jumladan, sun’iy ong sohasidagi texnologiyalar juda rivojlanmoqda. Hamkasblarimizning ushbu texnologiyalarning rivojlanishi nuqtai-nazaridan media sohasini kelgusida qay darajada ko‘rishlari haqidagi fikrlari biz uchun juda qiziq. Ushbu forumda hamkasblarimiz bilan muloqot qilamiz, fikr almashamiz, yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yanada mustahkamlaymiz.
Ommaviy axborot vositalari ta’limiga yoshlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan Kongressda dunyoning 100 ta universitetidan sohaga qiziqqan talabalar guruhlari ham taklif etildi. BAA hukumati, jahon va mahalliy ommaviy axborot vositalari, akademik va sanoat sektorlari hamkorligida o‘tkazilgan Global Media Kongressi dunyo miqyosidagi professional mutaxassislardan iborat ma’ruzachilar, panelistlar va muhokama ishtirokchilari birgalikda bugun sohada paydo bo‘lgan bir qator muammolar va media sanoatining kelajakdagi rivojlanishining to‘liq imkoniyatlarini sharhlaydigan va muhokama qiladigan dasturga mezbonlik qildi.
Texnologik kompaniyalar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi tijoriy hamkorlikni osonlashtirish uchun jonli sahnalar va media laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan bir qator platformalarga ega bo‘lgan ko‘rgazmada yetakchi kompaniyalar ham, innovatsion yangi startaplar ham ishtirok etdi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston milliy axborot agentligi jamoasi ham mazkur nufuzli anjumanda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Kongress doirasida agentlik jamoasi turli davlatlarning nufuzli axborot agentliklari va kompaniyalari bilan manfaatli bitim tuzish borasida uchrashuvlar o‘tkazib, muzokaralar olib bordi. Shuningdek, O‘zA jamoasini Amirliklar axborot agentligi (WAM) Bosh direktori va Global Media Kongressi Oliy tashkiliy qo‘mitasi raisi Muhammad Jalol Al Raisiy qabul qildi. Unga nufuzli anjuman doirasida O‘zA agentligiga ajratilgan pavilon va jamoaga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirildi. Agentlikning esdalik sovg‘asi topshirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/e3FSLavvoBo" title="“Global Media Congress – 2023” ko‘rgazmasi samarali o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Amirliklar axborot agentligi (WAM) Bosh direktori va O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Aqqulov bilan birgalikda pavilonda bo‘lib, O‘zAning ko‘rgazmali materiallari bilan tanishdi. Agentliklar o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganligini va yaqin hamkorlik qilishga WAM doimo tayyor ekanligini bildirdi.
Joriy yilgi Global Media Kongressi yangi media makonda yangicha yondashuvlar, zamonaviy imkoniyatlar, fikr yetakchiligi va istiqbolli hamkorliklar uchun muhim maydon bo‘ldi.
O‘zA muxbirlari Ahmadjon Shokirov,
Durdona Solihova, Shahnoza Toshtemirova,
Nozimbek Mardonov va Doniyor Yoqubov (video, foto) tayyorladi.
Abu - Dabi, BAA