Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global jarayonda Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish omillari
17:03 / 2023-08-16

Toshkentda “Markaziy Osiyo: global jarayonlar va mintaqaning barqaror rivojlanishi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Markaziy Osiyo xalqaro institutida, Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot oliy maktabi Jahon iqtisodiyoti va jahon siyosati fakulteti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yetakchi tahliliy markazlar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari to‘plandi.

Uchrashuvda 2017 yildan buyon qo‘shni qardosh davlatlar rahbarlari siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi keskin o‘zgarib, barqarorlik, birdamlik va xalqaro sub’ektivlikka erishayotgani qayd etildi. Mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish jarayonini ta’minlagan ijobiy o‘zgarishlarning asosiy omili sifatida O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning hayotiy taklif, tashabbuslari alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlanishicha, bunday siyosat ko‘p yillar davomida taraqqiyotga to‘sqinlik qilib kelgan ko‘plab muammolarni bartaraf etish imkonini berdi. Natijada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash miqdori 2,5 barobar, qo‘shma korxonalar soni 5 karra, o‘zaro tashriflar 4 marta oshdi.

Yangicha yondashuv, qarorlar tufayli mintaqaning barcha mamlakatlarida yagona savdo-investitsiya, sanoat, transport-kommunikatsiya platformasi tashkil etish uchun sharoit yaratilgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda barqaror Markaziy Osiyo allaqachon sarmoyaviy faollikning muhim markazlaridan biriga aylangan. Mintaqada iqtisodiy o‘sish, qo‘shni va boshqa davlatlarni hamkorlikka jalb qilish masalalariga alohida urg‘u berilmoqda.

Rossiyalik ekspertlar fikricha, mintaqa davlatlarining yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 20 foiz o‘sib, 370 milliard dollarni tashkil etgani besh davlatning o‘zaro jipslashuvi orqali jahon iqtisodiyoti barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

[gallery-13138]

Tan olish kerak, global jarayon – iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligi mintaqamiz davlatlari aloqadorligini mustahkamlashga qaratilgan ijobiy tendensiyani kuchaytirishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan davra suhbati davomida ayni muammolarning Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa yaqin mintaqalar taraqqiyotiga salbiy ta’siri keng muhokama qilindi.

Ekspertlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashdi. Xalqaro kun tartibiga doir konstruktiv takliflar bildirdi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA