Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman Toshkentda o‘tkazildi
13:56 / 2025-05-15

15 may kuni Toshkentda O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Global iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligida o‘simliklar genetikasi hamda eksperimental biologiyaning ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Anjuman global iqlim o‘zgarishining agrobiotexnologik xavfsizlikka ta’sirini tahlil qilish, o‘simliklar genetikasi, molekulyar biologiya, bioinformatika va biotexnologiya sohalaridagi ilg‘or yutuqlar bilan o‘rtoqlashish, hamda ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.  

Tadbirda, genetika va seleksiyada innovatsion yondashuvlar, o‘simliklarning genetik xilma-xilligi, abiotik va biotik stresslarga chidamlilik mexanizmlari, molekulyar genetika va bioinformatika, o‘simliklar biokimyosi va biotexnologiyasi hamda fitopatogenlar va ularga qarshi biologik kurash usullari mavzulari muhokama qilindi.  

Anjumanda O‘zbekiston, MDH, Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalardan 400 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida 20 nafar xorijiy olim, yuzlab mahalliy tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar ham bor.  

Ilmiy ekspertlar hay’atiga 250 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etildi, ulardan 150 tasi saralab olindi, 40 ta maqola esa xorijiy mualliflar tomonidan yuborilgan.

Tanlab olingan maqolalar anjuman doirasidagi maxsus sessiyalarda muhokama qilinmoqda.  

Saralangan maqolalar Polshaning Index Copernicus, Yevropa platformalari — Zenodo va OpenAIRE hamda ilmiyanjumanlar.uz portalida e’lon qilinadi.

Shu bilan birgalikda, maqolalar Google Scholar tizimi orqali indekslanadi, bu esa ularning xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlaydi.

Anjuman o‘simliklar genetikasi va eksperimental biologiya sohalaridagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni birlashtirish, iqlim o‘zgarishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global muammolarga yechim topishda muhim qadam bo‘lmoqda.  

Shu bilan birga, yosh olimlar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA