“Global innovatsiya indeksi – 2025” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur indeks yillik xalqaro reyting bo‘lib, unda mamlakatlarning innovatsion rivojlanish darajasi va raqobatbardoshligi baholanadi.
O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov taqdimotdagi chiqishida davlat tomonidan innovatsion rivojlanish masalasiga oliy darajada e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berdi. O‘zbekiston keyingi to‘qqiz yil (2015-2024 yillar oralig‘i) ichida ushbu reytingda 40 pog‘ona yuqorilaganini ta’kidladi.
Intellektual mulk sohasidagi loyihalar va doimiy islohotlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli xizmatlarni joriy etishni mamlakat innovatsion rivojlanishining asosiy omillari sifatida qayd etdi.
O‘zbekistonning kelgusida bilim va innovatsiyaga asoslangan iqtisodiyot barpo etish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga intilishi alohida ta’kidlandi.
“Global innovatsiya indeksi – 2025” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yilga nisbatan 4 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.
N.Abduraimova,
O‘zA