Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Global forumda Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflar muhokama qilinadi
16:22 / 2022-12-01

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda qayd etilishicha, 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum bo‘lib o‘tadi.    

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.    

Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bag‘ishlanadi. Mazkur Deklaratsiya 2011 yil dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.    

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya barcha insonlar, ayniqsa, yoshlarni keng qamrab oladigan hayotiy jarayon hisoblanadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya ana shu ezgu maqsadlarni global ko‘lamda amalga oshirishga qaratilgan.  

Shu maqsad yo‘lida – 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini ham e’lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta’lim dasturining bajarilishini muvofiqlashtirib bormoqda.  

–  Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir, – deydi G‘.Mirzayev. – O‘tgan davrda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar uchta bosqichda bajarildi va 2024 yilga qadar davom etadigan to‘rtinchi bosqich izchillik bilan amalga oshirilmoqda. «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflar ham muhokama qilinadi.    

Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat. Shuningdek, ayni sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikrlar almashish va tavsiyalar ishlab chiqish belgilangan.    

Global forum BMT shafeligida gibrid formatda o‘tkaziladi. Bu, albatta, butun dunyodan yanada keng auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.    

Global forumga tayyorgarlik doirasida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumida bir qancha kitoblar nashr etildi. Ushbu yangi nashrlar tadbir ishtirokchilariga taqdim etiladi.  

 

M.Qosimova,  

O‘zA