O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Global ekologik muammolar, cho‘llanishga qarshi kurashish va oziq-ovqat xavfsizligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni asrash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, “yashil iqtisodiyot” tamoyilini joriy etish, shuningdek, bugungi kunda dunyoda yuzaga kelayotgan global ekologik muammolar va oziq-ovqat xavfsizligi xususida so‘z bordi. Ushbu yo‘nalishlarda soha mutaxassislari, olimlar va tadqiqotchilarning muhim fikr-mulohazalari tinglandi.

Xalqaro anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekologik partiya fraksiyasi a’zolari Navro‘zbek Yusupov va Mohira Xo‘jayeva ham ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Deputat Navro‘zbek Yusupov o‘z ma’ruzasida bugungi kunda yurtimizda ekologiya va atrof-muhitni asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” hamda “Aholini ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayni paytda dunyo hamjamiyatida yuzaga kelayotgan global ekologik tahdidlar, oziq-ovqat xavfsizligi borasida o‘zining muhim fikr-mulohaza va takliflarini bildirib o‘tdi.

Anjuman davomida taqdim etilgan ma’ruza va amaliy ko‘nikmalar talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirishga, ularda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA