Shu kunlarda Hindistonning Mumbay shahrida shaxmat bo‘yicha “Global Chess League” xalqaro turniri davom etmoqda.
Jahon shaxmat taqvimidagi eng yirik jamoaviy turnirlardan biri hisoblangan musobaqada Hikaru Nakamura (AQSH, reytingi 2810, 2-o‘rin), Fabiano Karuana (AQSH, reytingi 2795, 3-o‘rin), Alireza Firuzja (Fransiya, reytingi 2762, 6-o‘rin), Dommaraju Gukesh (Hindiston, reytingi 2754, 10-o‘rin)lar qatorida hamyurtimiz Javohir Sindorov (O‘zbekiston, reytingi 2726, 22-o‘rin) ham dona surmoqda.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat turnirda 6 ta jamoa g‘oliblikka da’vogar.
Javohir Sindorov Vishvanatan Anand(Hindiston), Vincyent Keymer (Germaniya), Polina Shuvalova (FIDE), Stavroula Solakidou (Gretsiya), Raunak Sadxvani (Hindiston) bilan “Ganges Grandmasters” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
Kecha o‘tkazilgan navbatdagi bahsda “Ganges Grandmasters” Alireza Firuzdja sardorligidagi “Triveni Continental Kings” jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.

Ushbu o‘yinda “Ganges Grandmasters” sardori Vishvanatan Anand Firuzjaga mag‘lub bo‘ldi. Sindorov esa Vidit Santosh Gudjrati bilan durangga yaqin holatda 81-yurishni amalga oshirib, raqibini mot qildi.
Aytish lozim, ushbu qarama-qarshilikdagi 6 ta juftlik uchrashuvlarining bittasida “Ganges Grandmasters” vakili, ya’ni Sindorov g‘alabaga erishdi.
Hozirda “Ganges Grandmasters” 2 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat holatida 6 ta jamoa orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 4-o‘rinda bormoqda.
Bugun, 18 dekabr kuni “Ganges Grandmasters” vakillari Hikaru Nakamura sardorligidagi “Fyers American Gambits” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Musobaqalar 23 dekabrga qadar davom etadi.
Aytish lozim, mazkur turnir davomidagi o‘yinlarda J.Sindorov 3 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Kecha turnir nizomiga muvofiq 1-davra o‘yinlari o‘tkazilib, unda Sindorovlar jamoasi “upGrad Mumba Masters” jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA