Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Global Chess League": Sindorov bugun Praggnanandxa bilan bellashadi
12:14 / 2025-12-20

Hindistonning Mumbay shahrida shaxmat bo‘yicha 6 ta jamoa ishtirokida o‘tayotgan “Global Chess League” xalqaro turniri o‘zining yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat turnirda Javohir Sindorov Vishvanatan Anand (Hindiston), Vincyent Kaymer (Germaniya), Polina Shuvalova (FIDE), Stavrula Solakidu (Gretsiya), Raunak Sadxvani (Hindiston) bilan “Ganges Grandmasters” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Kecha o‘tkazilgan navbatdagi bahsda Vishvanatan Anand sardorligidagi “Ganges Grandmasters” vakillari Maksim Vashe-Lagrav yetakchiligidagi “UpGrad Mumba Masters” jamoasiga qarshi dona surdi.

O‘tkazilgan 6 ta juftlik o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, “UpGrad Mumba Masters” jamoasi 11:6 hisobida ustunlikka erishdi. Ushbu qarama-qarshilikda hamyurtimiz Javohir Sindorov raqibi Shahriyor Mamedyarovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 20 dekabr kuni o‘tkaziladigan navbatdagi o‘yinda Sindorovlar jamoasi Fabiano Karuana sardorligidagi “Alpine SG Pipers” shaxmatchilari bilan ro‘baro‘ keladi.

Unda Anand Karuana bilan, Vinsent Kaymer Anish Giri bilan, Sindorov Praggnanandxa bilan, Polina Shuvalova Xou Ifan bilan, Stavrula Solakidu Nino Batsiashvili bilan va Raunak Sadxvani Leon Lyuk Mendonka bilan kuch sinashadi.

Ortda qolgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra, hozirda “Triveni Continental Kings” jamoasi 70 ball holatida yetakchilik qilmoqda. 67 ballga ega “UpGrad Mumba Masters” jamoasi ikkinchi va 53 ball jamg‘argan “Alpine SG Pipers” shaxmatchilari 3-o‘rinni band etib turibdi.

Iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorovning “Ganges Grandmasters”chilari esa 49 ball bilan 4-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, “Global Chess League” xalqaro turnirining uchinchi hal qiluvchi bosqichi bo‘lgan mazkur musobaqaning ertaga, 21 dekabr kuni o‘tadigan bahsida “Ganges Grandmasters” jamoasi Alireza Firuzja sardorligidagi “Triveni Continental Kings”, 22 dekabr kungi o‘yinda Hikaru Nakamura boshchiligidagi “American Gambits” jamoasi qarshiligini yengishga harakat qiladi. 23 dekabr kuni turnirning hal qiluvchi bahslari - final va 3-o‘rin uchun uchrashuvlar tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA