Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
GLOBAL ADOLAT SARI
13:31 / 2025-09-28

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezidentimiz ilgari surgan fikr va tashabbuslar nafaqat yurtimiz, balki butun jahon hamjamiyati uchun siyosiy, ijtimoiy va gumanitar jihatlari bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida insoniyat oldida turgan eng og‘ir muammolar – iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, qurolli mojarolar, terrorizm, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, raqamli rivojlanishdagi tengsizlik, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarning global jarayonlardagi o‘rni haqida fikr yuritdi. Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning aniq natijalari raqamlarda asoslab berildi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi yurtimizda 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargani global miqyosda misli ko‘rilmagan natija hisoblanadi. Bu raqam millionlab insonlar hayotidagi aniq o‘zgarishlar, oilalar farovonligi, yangi ish o‘rinlari va ijtimoiy imkoniyatlarni ifodalaydi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizgacha oshirilgani esa har 100 boladan qariyb 80 nafari sifatli ta’lim-tarbiya olish imkoniga ega bo‘lganini anglatadi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xotin-qizlar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorlik va boshqa sohalarda ularning salohiyatini to‘la namoyon etishiga qaratilgan siyosat yuritilayotganini ta’kidladi.

BMT minbarida turib, mamlakatimiz nomidan taklif etilgan Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish tashabbusi ham xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini global miqyosda himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida”. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. Bu demografik holat mamlakatimiz taraqqiyotida beqiyos imkoniyat yaratadi. Oliy ta’lim bilan qamrovni 9 foizdan 42 foizga yetkazilishi natijasida yurtimizda yuqori malakali kadrlar zaxirasi shakllanmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish tashabbusi yoshlarning global miqyosda tinchlikparvar g‘oyalar asosida birlashishiga xizmat qiladi. Uning bosh qarorgohi O‘zbekistonda bo‘lishi esa mamlakatimizning yoshlar siyosatidagi peshqadamligini yana bir bor mustahkamlaydi.

Shuningdek, mamlakatimiz pedagoglarning obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qarayotgani qayd etildi. O‘qituvchi va murabbiylarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun O‘zbekistonda yagona xalqaro platforma yaratish maqsadida butunjahon professional ta’lim sammiti o‘tkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar barham topganiga alohida e’tibor qaratdi. “Bundan 8 yil muqaddam ushbu yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlashim mumkinki, biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, dedi Prezident.

Prezidentimiz Afg‘oniston masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish, Afg‘onistonda iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi tashabbuslarni ilgari surdi.

Ma’ruzada O‘zbekiston G‘azo va Ukraina masalalarida ham tinchlik va konstruktiv muloqot tarafdori ekani qat’iy ta’kidlandi. Bu O‘zbekistonning tinchlikparvar tashqi siyosatining yorqin namunasidir.

Partiyamiz ushbu tashabbus va takliflarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor. Biz uchun adolat va taraqqiyot tamoyillari – mamlakatimizning kelajakdagi muvaffaqiyati kafolatidir.

Robaxon Maxmudova,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi,

partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari