Toshkent viloyati hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni xususan, giyohvandlikni oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat IIBB tomonidan “Qoradori-2023” profilaktik nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlarga IIBB sohaviy xizmatlari, kuch vositalari, xususan, vertolyotlar jalb qilinib, keng qamrovdagi qidiruv surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Jumladan, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Zangiota tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida 3 holatda 6 kvadrat metr yer maydonida 25 tup ko‘knori o‘simligi yetishtirilgani aniqlangan. Shuningdek, Yangiyo‘l shahri va tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida 9 holatda 60 kvadrat metr yer maydonida 29 tup “kannabis” va 71 tup ko‘knori o‘simligi yetishtirilayotgani fosh etildi.


Yangiyo‘l shahrida yashovchi 1972 yil tug‘ilgan erkak yashash uyi tomorqasida “kannabis” giyohvand o‘simligini yetishtirib, xonadonida 300 gramm ko‘knori va marixuana giyohvandlik vositasi saqlab kelgan. Yangiyo‘l tumanida yashovchi 64 yoshli ayol esa 17 tup ko‘knori o‘simligini yetishtirgan. Boshqa bir holatda esa issiqxona va gultuvaklarda giyohvand o‘simliklarini yetishtirish va saqlash holatlari ham fosh etilgan. Tadbir davomida besh nafar ayol, yetti nafar erkak protsessual tartibda ushlangan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.