Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Giyohvandlikka qarshi tizimli kurashish – dolzarb vazifa
15:08 / 2023-06-26

Butun jahonda 26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni keng nishonlanadi. Har yili sana munosabati bilan turli tadbirlar, targ‘ibot uchrashuvlari va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Lekin shunga qaramay butun dunyoda bu baloning payi qirqilmayapti.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, jahonda giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, giyohvandlik xastaligi muammoligicha qolmoqda. Bu muammoga hamon jiddiy tahdid  sifatida qaralmoqda.  

BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda dunyo aholisi orasida 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan 284 milliondan ortiq odam turli xil narkotiklar iste’mol qiladi. Natijada 35 milliondan ortiq narkotik iste’mol qiluvchilar turli xil kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu raqam narkotiklarni in’eksiya yo‘li bilan iste’mol qiluvchi 12 million kishini ham o‘z ichiga oladi, ularning deyarli yarmi S gepatitiga, 1,4 millioni OIV infeksiyasiga chalingan. 15-60 yosh oralig‘ida qayd etiladigan o‘limlarning 1,3 foizi giyohvandlik oqibatida yuz berar ekan. Bir yilda 200 mingdan ortiq o‘lim aynan giyohvandlik oqibatida kelib chiqadi. Yevropa davlatlarida giyohvandlik oqibatida halok bo‘layotganlarning o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil qiladi.  

Giyohvandlikka qarshi kurashish, aniqroq aytganda, uning kelib chiqish sabab va omillariga qarshi kurash olib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Zero, giyohvandlik ijtimoiy kasallik bo‘lib, u nafaqat insonning jismoniy va ruhiy holatini izdan chiqaradi, balki uning oilasiga, yon atrofiga, jamiyatga zararli ta’sir ko‘rsatadi, turli ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi.

Shu sababli, barcha mas’ul idoralar, jamoat tashkilotlari, vazirlik va boshqarmalar e’tiborini mamlakatimizda giyohvandlikning oldini olishga, mas’uliyatni yanada kuchaytirishga, bu illatning tarqalishiga imkon berayotgan sharoit va omillarni bartaraf etishga qaratishimiz muhim. Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish lozim. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish talab etiladi, chunki ushbu muassasalarda yurtimiz kelajagi hisoblangan yoshlar ta’lim-tarbiya olmoqda.

Yuqoridagilarga e’tiboran mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish, u bilan bog‘liq kasalliklarni davolash bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilmoqda, qonunchilikdagi zarur o‘rinlar to‘ldirilmoqda. Jumladan, Senatning 42-yalpi majlisida muhokama qilingan “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi qonun ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.  

Mazkur qonun bilan ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilmoqda, mazkur materiallarni tayyorlash tartibiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.  E’tiborlisi, qonunda fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishi, maslahat berilishi, tashxis qo‘yilishi, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.  Umuman, bu qonunning qabul qilinishi narkologik yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Yana bir jihat. “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra yaqin kelajakda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi.  

Xulosa sifatida aytish mumkinki, mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, giyohvandlikka barham berish, narkologik kasalliklarni samarali davolash borasida sezilarli islohotlar davom etadi.  

 

Manzuraxon Salimova,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

O‘zA