DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahrining Yuqori Xo‘jasoat mahallasida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan P.X., 1983-yilda tug‘ilgan F.R. hamda U.R. giyohvandlik vositalari noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Toyloq tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bu shaxslar “Nexia 3” rusumli avtomashinada harakatlanib ketayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilganda, avtomashina salonida 5 gramm geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi va holat xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda mazkur tuman hududida fuqarolar – D.M, Z.A. va F.R. 911 gramm “ekstraktli opiy” giyohvandlik vositasini mahalliy fuqaroga 20 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozir mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri