Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Giyohvandlik vositalari savdosiga chek qo‘yildi
12:21 / 2025-07-26

IIV tomonidan respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati IIBB va DXX hududiy bo‘linmalari xodimlari hamkorligida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 2 kilogramm miqdoridagi giyohvandlik vositasi aniqlanib, muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Jumladan, Bekobod shahrida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan shaxs (T.A.) qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan, 945 gramm bo‘lgan “gashish” moddasini yashirin joydan olib, 2002 yili tug‘ilgan tanishi (X.S.)ga kelishilgan pul evaziga topshirayotgan vaqtda har ikkisi daliliy ashyo bilan ushlandi.

Yana bir holatda, 1995 yili tug‘ilgan shaxs (M.R.) Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan, Bekobod shahridagi o‘rmon xo‘jaligi hududiga yashirib qo‘yilgan 1 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasini yashirin joydan olib, yetkazib berish evaziga 1000 AQSH dollarini olayotgan vaqtda protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositalari narkokurer tomonidan kontrabanda yo‘li bilan “zaklatka” ya’ni yashirin tarzda ko‘milgan holda qoldirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

A.Musayev, O‘zA.