Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari tezkor xodimlari bilan hamkorlikda Bekobod hududida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda oldindan kuzatuvga olingan avtoulov harakatlanib kelayotgan vaqtda to‘xtatilib, yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqarodan og‘irligi 575 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi dalil sifatida olindi. Shundan so‘ng tezkor tadbirlar davom ettirilib, gumonlanuvchi fuqaro Bekobod shahar hokimiyati yaqinida qo‘lga olindi. Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida esa qo‘shimcha ravishda og‘irligi 1 ming 47 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi aniqlandi.

Fuqaroning ko‘rsatmalariga asosan tezkor tadbir yana davom ettirilib, Bekobod shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida maxsus kuchlar jalb etilgan holda xonadonga kirildi. Ushbu manzilda muqaddam qidiruv e’lon qilinib, 2025 yil iyul oyidan buyon tergov organlaridan yashirinib yurgan fuqarolar aniqlandi. Ulardan og‘irligi 335 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi dalil sifatida olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami og‘irligi 1 ming 957 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni tarqatish orqali qo‘lga kiritilgan 7 ming 650 AQSH dollari va 10 million 60 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.